Futbol Ukrainani Yevropaga yaqinlashtirmoqda

  • Amerika Ovozi
Futbol bo’yicha Yevropa chempionati bu yili Polsha va Ukrainada bo’lib o’tmoqda. 8-iyun kuni Varshavada boshlangan va 1-iyulda Kiyevda yakunlanadigan musobaqa o’yinlarini tomosha qilaman deganlar ikki mamlakat o’rtasidagi chegarani kesib o’tishi kerak. Polsha va Ukraina chegaradan o’tish jarayonini soddalashtirgan.



Chempionat davomida Polsha-Ukraina chegarasini taxminan bir million odam kesib o’tishi kutilmoqda. Ikki davlat rasmiyatchilikni kamaytirish va jarayonni osonlashtirishga harakat qilmoqda.

Ukraina chegarachilari Polsha hududida pasportlarni tekshirmoqda. Avtomobil yo’llarida futbol shinavandalari uchun alohida yo’laklar ajratilgan.

Yevropa Ittifoqi chegara xizmati, Frontex, askarlari ham yordamga safarbar etilgan.

Gollandiyalik politsiyachi Rene Xyugenning aytishicha, chegara punktiga 2-3 kilometr qolganida, yo’lovchilar o’ng yo’lakka o’tish kerakligi haqida yozuvlarni ko’radi. Jarayonni tezlashtirish uchun shunday qilingan.

Fransiya va Shvetsiya o'yinchilari

Chegarachi ishi oson emas. Kontrabanda, inson savdosi jiddiy muammo. Ayniqsa katta tadbirlar paytida noqonuniy biznes avj oladi.

Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga ko’ra, tamaki kontrabandasi natijasida blok davlatlari har yili 12,5 milliard dollar ziyon ko’radi.

Tovar odatda poyezdlarda yashiriladi. Polshadagi jinoiy guruhlar Ukainadan kelgan mahsulotni g’arbiy Yevropaga yetkazib, u yerda 10 baravar qimmatga sotadi.

Ba’zida vagonlar tagida uyali telefonlar topamiz, deydi kapitan Mariush Korjinski, Polsha chegara xizmati rahbari. Ular yordamida kontrabandachilar sigaret qayerda yashirilganini bilib oladi.

Kiyev

Ukraina va Polshani shimolda Bug daryosi ajratib turadi. Bu yerda chegara postlari yo’q. Jinoiy to’dalar va noqonuniy muhojirlar uchun ayni muddao.

Suv sathi pasayganida, daryoni kesib o’tish oson. Lekin chempionat boshlanganidan buyon Polshada kuchli yog’ingarchilik kuzatilmoqda, daryoda suv ko’p. Demak uni qayiqlarda kesib o’tishga urinishadi.

Chegaraning har ikki tomonida ot mingan politsiyachilarga ko’zingiz tushadi.

“Chegarani kesib o’tishni osonlashtirish uchun yangi usullarni qo’llayapmiz, lekin sarhadlar mustahkam. Qurol, narkotiklar va tamaki mahsulotlarini olib o’tishga urinishlar bo’lishi shubhasiz”, - deydi polkovnik Kruk Ivanovich.