Yevropa qochoqlar ichida terrorchilar kirib kelishi mumkinligidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

13-noyabr kuni yuz bergan xurujlar ortidan Parijda favqulodda holat e'lon qilingan.

Parijdagi xurujlarni amalga oshirgan xudkush hujumchilardan biri Suriya pasportiga egaligi hamda Yevropaga Gretsiya orqali kirib kelgani aniqlandi. Bu esa muhojirlarni qabul qilish bo'yicha bahslarni yanada kuchaytirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qochoqlar va terror tahdidi, Behzod Muhammadiy

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh musulmonlari terrorizmga qarshi, Behzod Muhammadiy

Fransiya hukumatining tasdiqlashicha, Suriya fuqarosi Ahmad Muhammad Parijdagi stadionda o'zini portlatgan terrorchilardan biri bo'lgan. Suriyaga tegishli pasport uning jasadi oldidan topilgan. Muhammadning barmoq izlari Gretsiyaning Leros orolida olingan namunaga mos keldi.

Fransiyaning ultra o'ng qanot Milliy front partiyasi rahbari Marin Le Pen muhojirlarning bu o'lkaga kirib kelishiga keskin qarshi.

Muxolifatchi ta'biricha, bu migrantlarning Fransiya shahar va qishloqlariga yoyilishi terrorchilarning mavjudligi haqidagi qo'rquvni oshirib, qochqin niqobi ostida kelayotganlarning ayrimlari nafaqat poytaxt, balki boshqa shaharlarga ham hujum qiladi.

Qo'rquv oshib, Polsha singari davlatlar qochoqlarni qabul qilish bo'yicha Yevropa rejasidan voz kechishi mumkin.

Yevropa Parlamenti prezidenti Martin Shulz fikricha terror tahdidlarini muhojirlar masalasiga bog'lamaslik kerak.

Migrantlarni ayblash qurbonlarni jinoyatchilarga tenglashtirish bilan barobar va biz bunday qilmasligimiz kerak, deydi u.

Osiyo-Tinch okeani jamg'armasi tahlilchisi Sajjan Goel esa Parij xurujida qatnashganlarning aksariyati Yevropa fuqarolari, deydi.

"Agar "Islomiy davlat" G'arbda hujumlarni amalga oshirmoqchi bo'lsa, buni qochoqlar orqali qilishi shart emas. O'z oramizdan odam yollashlari mumkin", - deydi u.

"Xalqaro Amnistiya" rasmiysi Gauri Van Gulik vahimaga berilmaslik kerak, degan fikrda.

"Bizga hozir himoyaga muhtoj odamlarning huquqlarini toptamasdan xavfsizligimizni ta'minlab bera oladigan yetakchilar kerak. Qizig'i shundaki, ayblanayotganlarning o'zi aslida ana shu zo'ravonlik, terror va dahshatlardan qochib kelmoqda", - deydi u.

Ekspertlar fikricha, IShID ataylab Ahmad Muhammadning qayerdan kelganini Yevropa bilishini xohlagan, chunki ular Yevropa ahlining vahimaga tushishidan manfaatdor.