Xorijlik yoshlarga AQShda o’qish imkonini beruvchi loyiha

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

YES, ta'limiy almashinuv dasturi - Youth Exchange and Study Program

AQSh moliyalovchi dasturlardan biri xorijlik yoshlarga bu davlatda yashab, o’qish imkonini beradi. Yoshlar almashinuv va ta’lim programmasi (Youth Exchange and Study Program) ayniqsa musulmon jamiyatlardan talaba taklif qiladi. Bolalar testlardan muvaffaqiyatli o’tsa, AQShda bir yil yashab bilim oladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xorijlik yoshlar uchun AQShda o'qish imkoni


AQSh Davlat departamentining yoshlar uchun almashinuv loyihasi yot begonalarni bir davraga to’playdi. Madaniy, xalqaro ko’prik vazifasini o’taydi.

Bolalar jahonning har xil burchaklaridan kelib, Amerikada, haqiqiy oilada yashash nimaligini biladi.

Hukumat bu programmani 2001-yilning 11-sentabr falokatidan keyin ta’sis etgan edi. Maqsad esa musulmon olamida AQSh haqida tasavvur va bilimni oshirishdan iborat edi.

Davlat departamenti rasmiysi Rik Rut programmaning foydasi katta, deydi:

“Bir necha o’n yillik tajribamizdan ayonki, amerikaliklar va boshqa xalq vakillari qancha yaqin muomala qilsa, yoshu qari bir-birini tanisa, dunyo tinchroq bo’ladi. Odam odamni yaxshiroq tushunadi. Zo’ravonlik va ekstremizm sabablari o’z-o’zidan yo’qoladi”.

Soda Ndiaye Senegaldan:

“Amerikaga kelishni, bu yurt haqida ko’proq bilishni, maktabga borib, ingliz tilimni yaxshilashni xohlaganman. Bolalik orzuim amalga oshdi”.

Nada Omar Misrdan. Ikki qiz bir oilada yashayapti:

“Mustaqil hayotda o’zimni sinab ko’rayapman. Uydan uzoqda yashashni, o’zimni eplashni o’rganayapman. Keyinchalik ishda va hayotda kerak bo’ladigan ko’nikmalar bular”.

Oilalar xorijlik studentga boshpana bergani uchun kompensatsiya olmaydi. Rendal Firtz va rafiqasi Kerol uchun buning ahamiyati yo’q. Boshqa xildagi foydasi serob chunki.

“Jahonda urushlar, mojarolar kami? Nimadan boshlanadi nizo? Bir-birimizni tushuna olmaganimizdan. Madaniyatlar, xalqlar o’rtasida tinchlikka hissa qo’shgan tashabbusda qanashish sharaf-ku”, - deydi Kerol Firtz.

“O’zimiz ham chet elda, musulmonlar jamoasida yashab ko’rganmiz. Endi bu ikki qizaloqqa Amerika haqida bilim berish navbati bizga yetdi. Odam odamni yaqindan taniganida aslida hammamiz bir xil ekanimizni tushunamiz”, - deydi Rendal Rirtz.

Yoshlar almashinuv va ta’lim dasturi ishlab turgan aksariyat davlatlarda Amerikaga qarshi kayfiyat kuchli.

Rik Rut maqsad o’quvchilarni amerikalik qilish emas, deydi:

“Qatnashchilar o’z ko’zi bilan ko’radi, o’rganadi, savol beradi. Ularga majburlab gap o’rgatish yo’q”.

Nada Omar kabi studentlar nafaqat Amerika, balki butun dunyo haqida bilimi oshganini aytadi:

“Sinfdoshlarimiz har xil davlatlardan. Hamma tez do’st tutinib ketdi”.

Har yili 900 talaba keladi bu dastur doirasida. O’zbekiston yoshlariga qanday programmalar takif qilinayotgani bilan AQSh elchixonasi saytida tanishish mumkin.