"Facebook"ning yangi qoidalari davlat rahbarlariga ham tegishli

  • Amerika Ovozi

“Facebook” kompaniyasining AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp sahifasini ikki yilga bloklash qarori boshqa davlat rahbarlari uchun “Facebook” bundan keyin platformani faol nazorat qiladi degan ishora bo’lib xizmat qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 11-iyun, 2021-yil

Donald Trampning “Facebook”dagi sahifasi ikki yilga bloklanishi ketidan mutaxassislar ijtimoiy media kompaniyasi bundan keyin boshqa davlat rahbarlari va ijtimoiy arboblar o’z chiqishlari bilan “Facebook” qoidalarini buzsa, ularga hamma kabi birday muomala qilishini aytmoqda.

“Davlat rahbarlariga bundan keyin rahbarlik maqomi tufayli o’zgacha muomala qilinmasligini anglatadi bu”, - deydi “Elektron chegara jamg’armasi” tashkilotidan Deyvid Grin.

Tramp “Facebook”dan haydalishi ketidan kompaniya yangi siyosatini e’lon qilib, jahon rahbarlarining kompaniya qoidalariga zid bo’lgan yoki zarar qiluvchi izohlariga nisbatan shafqat bo’lmasligini ma’lum qildi.

Bungacha “Facebook” qoidalarga zid qiluvchi bunday postlarni jamoatchilikda qiziqish uyg’otishiga ishora qilib tegmas edi.

Biroq tanqidchilar nazarida, qoidalar o’ta mujmaldir, Trampga belgilangan ikki yillik jazo esa yumshoq. Ya’ni jiddiy qoidabuzarlar uchun “Facebook” eshiklari ochiq degani.

“Vaqtincha chetlatish bilan “Facebook” boshqa davlat rahbarlari ham tanaffusga chiqarilishini anglatyapti. Demak, ularda qaytib kelib, “Facebook”dagi faoliyatini davom ettirish imkoni bo’ladi”, - deydi ayollarga nisbatan internetda zo’ravonlikka qarshi kurashuvchi tashkilot asoschisi Shirin Mitchel.

“Facebook”ning bildirishicha, jazo muddati tugaganidan so’ng sahifaga qaytgan ijtimoiy arboblar takroriy qoidabuzarlik uchun kattaroq jazoga tortiladi – bir oydan ikki yilgacha chetlatilishi mumkin. Keskin holatlarda sahifa egasi doimiy badarg’aga uchraydi.

“Kim bo’lishingizning umuman ahamiyati yo’q. Rim papasi bo’lasizmi, Angliya qirolichasi yoki AQSh prezidenti bo’lasizmi, xizmatlarimizdan ortiq foydalana olmaysiz. Ko’p odamlar buni to’g’ri siyosat deb tushunadi degan umiddaman. Zo’ravonlikka yordam berish, da’vat etish, uni qo’zg’atish yoki ulug’lash jazoga yetaklaydi”, - deydi “Facebook” vitse-prezidenti Nik Klegg.

Kompaniya postlarni tartibga solishga doir qarorlariga baho berish uchun mustaqil nazorat komissiyasini tuzgan, biroq ba’zilar bunday qaror ortidagi boshqa sabablarga e’tibor qaratadi.

“Nazarimda, “Facebook” komissiyadan turli ma’lumotlarni tarqatishda xizmat qiluvchi algoritmlariga doir jiddiyroq masalalardan chalg’itishda foydalanmoqda”, - deydi Nyu-York universitetining huquqshunoslik fakulteti qoshidagi “Brennan markazi” xodimi Fayza Patel.

So’nggi bir yilda “Facebook” rahbarlari hukumatni internet qoidalarini belgilashda faolroq rol o’ynashga chaqirib keldi.

“Amerika demokratiyasi Silikon vodiysiga tegishli emas. Amerika xalqiga tegishli va xalq Amerika demokratiyasi qoidalari qanday bo’lishini, qaysi fikr to’g’riligini, qaysinisi esa noto’g’riligini, chegaralarini o’zi belgilashi kerak. Xususiy kompaniyalar emas”, - deydi Klegg.

“Facebook” dunyo rahbarlarining fikr va izohlarini bundan keyin diqqat bilan kuzatishi bilan bir qatorda “Facebook” faoliyati va siyosatini elakdan o’tkazish ham davom etadi.