Fransiya: Haddan tashqari ozg'inlik go'zallik emas

  • Amerika Ovozi

Parij, 7-mart, 2015

Jahon moda makonlaridan biri bo'lmish Fransiyada yangi uslubdagi liboslarni kiyib sahnaga chiqadigan qizlar haddan tashqari ozg'in bo'lishi man qilindi.

Tibbiy jihatdan barcha talablarga javob bermaydigan, ya'ni vazn indeksi uning sog'lomligidan darak bermagan ayol model bo'lmasligi kerak, deyiladi yangi qabul qilingan qonunda.

Bu hujjatni sotsialist siyosatchi Olivye Veran tanishtirgan. Uning tushuntirishicha, model sifatida yollanishdan oldin har bir qiz tibbiy ko'rikdan o'tishi shart.

"Maqsad kimnidir qamash yoki unga jarima solish emas. Maqsad jamiyatda sog'lomlikni targ'ib qilish. Moda sanoati jamiyat ravnaqi, ma'naviyati yo'lida hissa qo'shaman desa, quruq suyagi qolgan qizlarni namuna sifatida sahnaga chiqarmasligi kerak",- deydi parlament a'zosi.

"O'smirlar ularga qarab go'zallik shu ekan, men ham shunday bo'lishim kerak ekan, deb o'ylashi fojia axir. Bu turli kasalliklarga yetaklaydi",- deydi Olivye Veran.

Qonunni buzgan tomon 85 ming dollargacha jarima to'laydi yoki olti oygacha qamaladi.

Moda olamida vazn hamisha muhim omil hisoblangan va hisoblanishda davom etadi, deydi bu soha egalari.

Lekin o'tgan yillarda sog'lomlikka e'tibor oshgan. 2006-yilda Madridda moda haftaligi o'tayotgan paytda urugvaylik bir model yurak xurujidan olamdan o'tgan. Bunga sabab esa uning anoreksiya kasaliga chalingani bo'lgan.

Anoreksiya yeyilgan ovqatning sun'iy ravishda organizmdan chiqarib tashlanishi, ya'ni hazm qilinishga yo'l qo'yilmasligi hamda depressiya bilan izohlanadi. Modellar orasida keng tarqalgan holat bu, deydi ekspertlar.

Parij moda sahnalarida