Fazliddin Qurbonov qachon sudlanishi noaniq

  • Amerika Ovozi

Fazliddin Qurbonov

Shu yilning 17-may kuni Aydaxo shtatining Boysi shahrida terrorizm gumoni bilan qo'lga olingan 30 yoshli Fazliddin Qurbonov ishi kelasi bir yil ichida sudda ko'rilmasligi mumkin.

Qurbonov ayni damda Aydaxo shtatidagi hibsxonada. Unga terroristlarga yordam berishga uringanlik singari og'ir ayblar qo'yilgan. Yigit ularning barchasini inkor etib, sudga o'zini begunoh deb aytgan.

Qurbonov yolg'iz harakat qilmagan va bu ishni izchil o'rganib chiqish uchun hali ancha vaqt kerak, deya bildiradi prokurorlar.

Boysi shahridagi uyida ushlangan Qurbonov, federal prokuraturaning qayd etishicha, bir yil mobaynida tekshiruv va kuzatuv ostida bo'lgan.

Ayblanuvchi, deydi tergovchilar, terror tashkiloti hisoblanuvchi O'zbekiston Islomiy Harakati bilan aloqada bo'lgan.

Yuk mashinasi haydab tirikchilik qilgan Qurbonov Yuta shtatida ham terrorizmda ayblanmoqda. Xususan, ommaviy qirg'in qurollari yasashni o'rgatganlikda.

Amerikaga 2009-yilda kelgan Qurbonov avval Aydaxoda, keyin esa Yutada sudga tortilishi kutilmoqda.

Sudda aybi isbotlanmaguncha hech bir ayblanuvchi "aybdor" emas, deya eslatadi huquqshunoslar.