FBR "Islomiy davlat"ning internetdagi faolligidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

FBR direktori Jeyms Komi

AQSh Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komining aytishicha, "Islomiy davlat" jangari guruhining internet orqali amerikaliklar orasida tashviqot olib borayotgani Qo'shma Shtatlarga al-Qoidadan ko'ra jiddiyroq tahdid solmoqda.

Komi Koloradodagi xavfsizlik forumida so'zlar ekan, ekstremistik guruhning ijtimoiy sahifalarda faollashayotganini ta'kidladi.

"Islomiy davlat" al-Qoida emas. Ular xonadoningizga kirib bormoqchi, Twitter da faollashyapti", - deydi FBR rahbari.

Uning aytishicha, al-Qoida a'zolarni saralab yollaydi, "Islomiy davlat" esa beqaror odamlarni, giyohvandlarni yollashdan ham tap tortmaydi.

"Islomiy davlat"ga aloqador Twitter sahifalarini 21 ming inglizzabon kuzatadi, shulardan yuzlab, balki minglab odamlar Amerikada, - deydi Komi.

FBR radikallashish ehtimoliga uchragan, terror xurujlarini amalga oshirmoqchi bo'lgan yuzlab odamlarga qarshi jinoiy ish ochgan.

Jeyms Komi amerikalik musulmonlarning "Islomiy davlat" da'vatlariga uchib, xurujlar uyushtirishidan xavotirda.

So'nggi 6-8 haftada yollash ishlari avjiga chiqqan, deydi u.