Saylovda millionlab sobiq mahbuslar ovoz berolmaydi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda sobiq mahkumlar 6 milliondan oshiq. Ularning saylovlarda ovoz bera olishi shtatdan shtatga va qanday jinoyat sodir etilganiga qarab keskin farq qiladi. Masalan, Floridada qamoqdan chiqqan odamning ovoz berish huquqini tiklashga yillab vaqt ketishi mumkin. Vermontda esa mahkumlar ovoz bera oladi.

Vermont shtati qamoqdan keyin hayotini o’zgartirgan Den Klouzga yangi imkoniyat berdi.

“AQSh fuqarosi jinoyatda ayblangan bo’lsa ham ovoz bera olishi lozim”, - deydi u.

Den Klouz narkotiklar bilan ushlanib, qamalib chiqqan. Ammo ovoz berishga haqli. Amerika bo’ylab faqatgina ikki shtat - Vermont va Meyn ayni damda panjara ortida o’tirganlarga ham ovoz berish huquqini berib qo’ygan.

“Ovoz berish huquqidan mahrum bo’lish ko’pchilikning xayoliga ham kelmaydi. Mahrum etilgach, buni his etasiz”, - deydi Klouz.

Vermont tanlagan progressiv yondashuvni bu yerda yashovchilarning hammasi ham ma’qullamaydi.

“Ozodlikdan mahrum etildingizmi, xatoingiz uchun to’laysiz”, - deydi vermontlik Richard Perri.

Hozir 14 shtatda qamoqdan ozod etilganlarning ovoz berish huquqi avtomatik ravishda tiklanadi. Bu to’g’ri yo’l, deydi qamoqxonalarda ishlagan Endryu Kingsberi.

“Odam jamiyatga qayta integratsiya qilindimi, jamiyatga ijobiy hissa qo’shayaptimi, demak, huquqlari tiklanishi kerak”.

Yerayda Guanipa esa hali ham ovoz berolmaydi. Floridada jazoni o’tab bo’lganman, lekin meni hamon jazolashyapti, deydi u.

“Uzluksiz jazoga o’xshaydi. Bu qanchalik og’riqli ekanini hech kim bilmaydi. Ovoz berishga ruxsat berishmayapti. Hozirgi qonunlar bilan hatto huquqlarim tiklanishi ham noma’lum”, - deydi onaxon.

AQSh bo’ylab 4,7 million qamalib chiqqanlar bu onaxon kabi saylovlarda qatnasha olmaydi. U va boshqalar Florida shtatini qonun-qoidalar mujmal bo’lgani uchun sudga bergan.

“Hayotingizni tubdan o’zgartirishga tayyormisiz, pushaymon ekaningizni ko’rsatdingizmi, degan savollar berishadi. Me’yorlar hamma uchun bir emas”, - deydi huquqshunos Jon Sherman.

Mazkur sud ishi Floridada 1,5 million aholiga ta’sir qiladi - prezidentlik saylovlarida muhim shtat uchun bu katta gap. O’tgan yillar ichida o’nlab shtatlarda ovoz berishni cheklovchi qonunlar qabul qilingani, ayrimlarida maxsus guvohnomalar talab qilinishi bahslarga sabab bo’lmoqda.

So’rovlarga qaraganda, Floridada aksar aholi sobiq mahkumlarning ovoz berish huquqiga oid qoidalar o’zgarishini istaydi.

Vermontlik Den Klouz Kongress uchun ovoz berishga albatta chiqaman, deydi. “Bitta ovoz ham vaziyatni o’zgartirishi mumkin. Bunday huquq hammada ham yo’q”, deydi u.