39 yoshli Emmanuel Makron Fransiyaning yangi prezidenti

  • Amerika Ovozi

Emmanuel Makron siyosiy jihatdan liberal qarashga ega, sobiq bankir, shuningdek, davlat ishida pishgan arbob

Bugun Fransiyada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi bo'lib o'tdi. Ikki hafta oldin o'tkazilgan poygada eng ko'p ovoz to'plagan ikki arbob o'zaro bellashdi.

Sobiq iqtisodiyot vaziri, Yevropa Ittifoqining ashaddiy tarafdorlaridan biri, 39 yoshli Emmanuel Makron millatchi arbob, muhojirlar va Yevropa Ittifoqiga qarshi siyosatchi, 48 yoshli Marin Le Pen ustidan g'alaba qozondi.

Makron 65%, Le Pen 35% olgan. Saylovdan oldin o'tkazilgan ommaviy so'rovda Makron 63 foiz, Le Pen esa 37 foiz olishi mumkinligi taxmin qilingan edi.

Le Pen g'alaba qila olmasligi ayon bo'lgach, tarafdorlari oldiga chiqib, ularga shijoati uchun minnatdorchilik bildirdi, kelasi oy bo'ladigan parlament saylovlarida faol qatnashishga chaqirdi.

U "Milliy front" partiyasi tubdan isloh qilinishini aytdi. Ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, Le Pen partiyani tarqatib, yangi harakatga asos solishi mumkin.

Le Pen Makronga qo'ng'iroq qilib, uni g'alaba bilan tabriklagan.

Emmanuel Makron siyosiy jihatdan liberal qarashga ega, sobiq bankir, shuningdek, davlat ishida pishgan arbob.

Parij, 7-may, 2017

Emmanuel Makron rafiqasi Brijit Trognu bilan