Bag'dod bozoridagi portlashda 35 kishi halok bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Fransiya Prezidenti Fransua Olland "Islomiy davlat" to'dasi yaqin orada yer tishlaydi, deya ta'kidlamoqda. Uning Iroqqa safari chog'ida Bag'dod markazidagi mardikor bozorida bomba portlashidan 35 kishi halok bo'lgan.

"Daish chekinmoqda va u albatta yengiladi", - dedi Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy bilan uchrashgan Olland.

Prezident Fransua Olland fransiyalik zobitlar bilan uchrashdi

Asosan shialar yashovchi Sadr tumanidagi portlashda 61 kishi jarohatlangan. 31-dekabr kuni Bag'dod bozorlaridan birida ikki shaxs o'zini portlatib, 28 kishini o'ldirgan edi. Hujumlarni "Islomiy davlat" to'dasi amalga oshirganini bildirmoqda.

Haydar al-Abadiy so'zlariga ko'ra, mardikor yollashga kelgan bir ekak beliga bog'langan bombani harakatga keltirgan.

Fransiya rahbari Bag'dod yaqinidagi Aksil-terror akademiyasida fransiyalik zobitlar bilan uchrashdi va Kurdistonga ham safar qildi. "Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash Fransiyada teraktlarni bartaraf etishni ham ko'zlaydi", - deydi u.

Ayni paytda Iroqning Musul shahrini "Islomiy davlat" jangarilaridan ozod etish uchun harbiy amaliyotlar davom etmoqda. Taxminan 500 fransuz zobiti bu amaliyotlarda qatnashayotgani ma'lum.

Fransiya, AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya a'zosi, shu paytgacha Iroq va Suriyada Daishga qarshi minglab havo hujumlarini amalga oshirgan.