Bepul "onlayn" universitetlar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Bepul universitetlar, Internetda/Free Online Universities

2011-yilda Stenford universitetida bir professor sun’iy intellekt haqida internet orqali bepul kurs boshlaganda, dunyo bo’ylab 160 mingdan ortiq talaba unda qatnashish uchun ro’yxatdan o’tdi. Stenford ketidan Garvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti kabi boshqa nufuzli o’quv dargohlari ham bepul kurslarni taklif eta boshladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Bepul universitetlar, Behzod Muhammadiy


Stenford universitetining muhandislik kursi videokamera orqali internetga ham uzatiladi. Universitet hozir 40 qa yaqin “onlayn” kurslarni bepul taklif etmoqda. Ularda o’qiyotgan talabalar soni esa 1,5 milliondan ortiq. Oddiy kurslar kabi bu darslarda muntazam jadval, uy vazifalari va imtihonlar bor. Yagona farqi uni bitirganlar universitetning haqiqiqy sertifikatiga ega bo’lmaydi. Loyiha rahbari Jon Mitchel bu ishni xolis xizmat deya ataydi.

“Biz o’qituvchilarmiz. Ishimizni sevamiz. Agar dunyoda odamlar bizdan nimanidir o’rganayotgan bo’lsa, shuning o’zi kifoya. Shundan ilhomlanamiz”, - deydi u.

Bepul darslarni uyushtirishdan yana bir maqsad talabalarni universitetning boshqa pulli kurslariga qiziqtirish. “Onlayn” ta’lim borgan sari kengayayotgan bo’lsa ham, uning hali-beri an’anaviy ta’lim o’rnini egallashi dargumon.

Stenford universitetida dars bergan Devid Stivens yaqinda “Yudasiti” (Udacity) deb nomlangan bepul “onlayn” universitet tashkil qildi. Sifatli bilim olishga ko’pchilikning qurbi yetmayapti, deydi u.

“Sinfxonada o’tirib o’qishni ko’pchilik afzal ko’radi. Ammo birdek qobiliyatli, mehnatkash va bilim olishga astoydil bel bog’lagan yana boshqa odamlar ham borki, ular uchun bunday tizim ma’qul emas”, - deydi Stivens.

“Yudasiti” daromad qilishni ko’zlayotgan bo’lsa ham, kurslarining aksariyati bepul. Darslar qisqa videolar va talabalarni faol qatnashishga jalb etadigan topshiriqlardan iborat.

Jonli videokonferensiyadan foydalanish pulli, ammo talabalar chat orqali bepul muloqot qilishi mumkin.

“Onlayn” kurs taqdim etayotgan universitetlar juda ko’p. Ayrimlari bepul, ayrimlari uchun haq to’lash kerak. “Xon akademiyasi” nomli notijoriy ta’lim tashkiloti internet orqali turli tillarda 3500 dan ortiq videodarslarni taqdim etadi. Sayt foydalanuvchilari soni bir oyda olti milliondan oshadi.

Tashkilot asoschisi Salmon Xonning aytishicha, bepul va sifatli ta’lim berish imkoniyati Bill va Melinda Geyts jamg’armasi kabi homiylar yordamida amalga oshmoqda.

“Kichik bir urinish orqali boshqa bir inson hayotida katta o’zgarish yasashingiz mumkin. Shuni bila turib hech narsa qilmasak, bu endi uyat”, - deydi Salmon Xon.

Ayrimlar “onlayn” ta’limning samarasi pastligini aytadi. Masalan, internet darslariga yozilgan ko’plab talabalar kursni oxirigacha tugatmaydi. Ammo loyiha tarafdorlariga ko’ra, yangi texnologiyalar millionlab insonlar uchun ilgari misli ko’rilmagan darajada ta’lim olish imkoniyatlarini yaratmoqda.