"Katta Yettilik" Rossiyaga qo'shimcha sanksiya qo'yish harakatida

  • Amerika Ovozi

“Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar rahbarlarining Xirosimada o’tayotgan majlisida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish masalasi ko’rilmoqda. G’arb bu bilan Moskvaning Ukrainada urush olib borish salohiyatiga qo’shimcha zarba bermoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-may, 2023-yil

Qo’shma Shtatlar ham alohida sanksiyalar qo’ygan.

“O’tgan yil sanksiyalar yili edi, bu yil esa mana shu sanksiyalarni joriy etish yili bo’ladi. Rossiyani urush uchun harbiy salohiyat va texnologiyadan ayirishga qaratilgan qo’shimcha eksport cheklovlari ham ko’zda tutilgan”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlilchisi Kimberli Donovan.

Ana shunday eksport cheklovlaridan biri rus olmoslariga tegishli. Bu g’oyani o’tgan oy Polsha olg’a surgan. Biroq ushbu cheklov Yevropa Ittifoqi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin, chunki Belgiyaning Antverpen shahrida dunyodagi eng yirik olmos savdosi markazi joylashgan va bu markaz cheklovga qarshi. Demak bu mavzudagi munozaralar Yevropa Ittifoqi ichida qizg’in kechishi kutilmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar rus olmosiga sanksiyalar uning savdosiga ta’sir qilmasligini aytadi, chunki savdo Hindiston kabi mamlakatlar orqali amalga oshirilishi mumkin. Hindiston, Indoneziya, Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya rahbarlari ham Xirosimaga taklif etilgan.

Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqgan Britaniya tashkilot qarorini kutmasdan mustaqil harakat qilmoqchi. Bosh vazir Rishi Sunak Rossiyadan olmos, mis va nikel importiga taqiqni e’lon qilishi kutilmoqda.

“Katta Yettilik” sammitida Xitoy masalasi ham ko’rilmoqda. Xususan Pekinning o’z siyosiy maqsadlariga erishishda savdo va iqtisodiyotdan qurol sifatida foydalanishi.

Xirosimaga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham boradi. Bugun u Saudiya Arabistonining Jidda shahrida boshlangan Arab davlatlari ligasining sammiti ishtirokchilari oldida so’zladi.

"Ukrainaliklar urushni boshlamadi. Qo’shinlarimiz boshqa mamlakatlarga yurish qilmadi. Birovning hududi yoki resurslarini o’zlashtirib olganimiz yo’q. Xorijliklar yoki mustamlakachilarga bo’yin egmaymiz. Shu sababdan biz jang qilyapmiz va sizlardan xalqimizni, jumladan ukrainalik musulmonlarni himoya qilishda yordam so’raymiz”, - dedi Zelenskiy.

Arab davlatlari Ukraina mojarosida G’arb kabi tarafkashlik qilgani yo’q, betaraf bo’lishga intilmoqda, Rossiya bilan iliq aloqalarga ega, xususan Suriya. Shu sabab Ukraina o’tgan yil iyulida Suriya bilan diplomatik aloqalarni uzgan.

Damashq 13 yil davomida Arab Ligasi tomonidan ham inkor etib kelingan edi. Biroq so’nggi oylarda aloqalar iliqlashib, Prezident Bashar Assad tashkilotning bu yilgi sammitiga taklif etildi, Jiddada iliq qarshilandi.

Assad anjumanda so’zga chiqib, uni tarixiy deb atadi.