Isroil va falastinliklar sulhga kelishdi

  • Amerika Ovozi

G'azoda Isroil hujumida vayron bo'lgan ko'p qavatli imorat qoldiqlari

Isroil qurolli kuchlari va G’azodagi falastinlik jangarilar so’nggi bir necha kunda o’q almashgan. Falastinliklar Isroilga raketalar otib, uch fuqaroni o’ldirganidan so’ng Isroil G’azoni bombardimon qilib, salkam 20 falastinlik o’limiga sabab bo’ldi. Misr aralashuvi tufayli sulhga erishildi.

Matbuotda G’azoda halok bo’lganlardan birining XAMAS harakati qo’mondoni ekani haqida xabar qilingan. Isroil Hamid Ahmad Hodariy ismli bu odamni Erondan XAMAS uchun pul o’tkazganlikda ayblaydi.

Isroil armiyasiga ko’ra, Falastin tomonidan Isroil janubiga 3-maydan beri 600 dan ortiq raketa otilgan. Isroil XAMAS va “Islomiy jihod” guruhlariga aloqador 260 ta nishonni urganini ma’lum qilgan.

Isroil to’qnashuvga “Islomiy jihod” snayperining yahudiy askarlarni nishonga olishi sabab bo’lganini da’vo qiladi. “Islomiy jihod” esa Isroilni qamaldagi G’azo aholisining iqtisodiy ahvolini yaxshilashga va zo’ravonliklarni tugatishga qaratilgan choralar ijrosini paysalga solayotganlikda ayblaydi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli, deydi.

“Isroilga otilgan raketalarning uylar, aholi yashaydigan hududlarga tekkani tasvirga tushirilgan videoni ko’rdim. Isroil hujum qilmasligi uchun bu raketalar tinch aholi joylashgan hududdan otilgan. Bu videoning haqiqiyligini hozircha tasdiqlaganimiz yo’q. Shunga qaramay, Isroil o’z suverenitetini himoya qilishga haqli. So’nggi bir necha hafta ish bergan sulhni tiklash kerak”, - dedi Pompeo.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Misr vositachiligida Isroil XAMAS va “Islomiy jihod” bilan sulhga kelishib olgan.