G'azoda ommaviy qabrlar topilmoqda

  • Amerika Ovozi

BMTning inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Volker Turk G’azodagi al-Nosir va al-Shifo kasalxonalarining vayron bo’lganidan hamda atroflarida yuzlab jasadlar ko’milgan ommaviiy qabrlar haqidagi xabarlardan dahshatga tushganini bildirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-aprel, 2024-yil

Isroil askarlari Xon-Yunusdagi kasalxonani tark etishi ketidan G’azo mutasaddilari shu hafta u yerda ommaviy qabrlarga duch kelganini ma’lum qildi. Isroil maxsus kuchlari al-Shifoda ham amaliyot olib borgan.

BMT rasmiysining so’zlovchisi Ravina Shamdasanining aytishicha, tashkilot vakillari ayni damda Falastin rasmiylari bergan ma’lumotlarni tekshirmoqda.

Nosir kasalxonasi hududidagi qabrlarda 283 ta, al-Shifoda esa 30 ta odamning jasadi topilgan. Ularning chiqindilar ostiga ko’milgani, qurbonlar orasida ayollar va qariyalarning borligi aytilmoqda.

“Nosir kasalxonasida topilgan 283 ta jasaddan 42 tasining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo’ldik. Ba’zilari qo’llari bog’langan, kiyimlari yechilgan holatda ko’milgan”, - deydi Shamdasani.

Isroil askarlari al-Shifo kasalxonasidagi amaliyot paytida 200 nafar falastinlikni o’ldirganini tan olgan. Qanchasining XAMAS harakatiga aloqador ekani ma’lum emas.

Falastinga xayrixoh amerikalik talabalar hibsga olinmoqda

Bu o’rtada dushanba kuni AQShning Yel va Nyu-York universitetlarida Isroilning G’azodagi urushiga qarshi namoyish qilgan o’nlab talaba hibsga olingan.

O’tgan hafta Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida ham 100 ga yaqin namoyishchi talaba hibsga olingan. Ayrim o’qituvchilar namoyishda qatnashganlarni o’qishdan haydamaslikka chaqiradi.

"Talabalarga nisbatan qo’llanilayotgan jazo choralarining bekor qilinishini talab qilamiz”, - deydi professor Deyvid Luri.

Namoyishchilar Isroil va sionizm mafkurasini qoralab, falastinliklarning qurolli qarshiligini olqishlagan.

Konnektikut shtatidagi nufuzli Yel universitetida esa yo’llarni to’sishda qatnashgan 45 ta talaba qo’lga olingan.

Boston shahridagi Emerson kolleji hamda Massachusets texnologiya institutida ham o’xshash norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi.