Gruziyada hukmron va muxolif partiyalar saylovda g'olibmiz demoqda

  • Amerika Ovozi

Gruziyada parlament saylovlari, Tbilisi, 1-oktabr, 2012-yil.

Gruziyada parlament saylovlarida prezident Mixail Saakashvili muxolif koalitsiya g’alaba qozonganini tan oldi.

Saylovchilar ovoz berib bo’lganidan so’ng o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, “Gruziya orzusi” koalitsiyasi 150 o’rinlik parlamentda 77 mandatni qo’lga kiritgan.

Koalitsiyaga olti partiya qo’shilgan. Milliarder Bidzina Ivanishvili unga rahbar. Qolgan partiyalar besh foizlik dovondan o’ta olmagan.

Saakashvilining Birlashgan milliy harakat partiyasi ham parlamentdagi ko’pchilik o’rinlarga da’vo qilmoqda.

Ivanishvili tarafdorlariga murojaat qilib, ularga ham, Saakashvilini qo’llab-quvvatlaganlarga ham birday munosabatda bo’lishini aytdi.

“Yurtimiz bitta, uni bo’lish yaramaydi”, - dedi u.

Rus matbuotiga ko’ra, muxolifat 70% ovozlarni qo’lga kiritgan.

Poytaxt Tbilisida Ivanishvilining o’n minglab tarafdorlari g’alabani qutlamoqda. Biroq, deyiladi “Izvestiya” gazetasi saytida, Saakashvili ham murojaat bilan chiqib, partiyasi poytaxtda mag’lub bo’lganini tan olgan, ammo boshqa hududlarda ustunmiz, degan.

Bu saylovlar Gruziya siyosiy hayoti uchun o’ta muhim. Chunki parlamentdagi ko’pchilik yangi bosh vazirni tanlaydi. 2014-yildan boshlab respublika parlament tizimiga o’tishi rejalanar ekan, bosh vazir vakolatlari prezidentnikidan kattaroq bo’ladi.

Mixail Saakashvilining ikkinchi va so’nggi prezidentlik muddati kelasi yili tugaydi.