Guantanamodan ozod etilgan 10 kishini Ummon qabul qildi

  • Amerika Ovozi

Guantanamo qamoqxonasi

AQShning Guantanamodagi harbiy qamoqxonasida saqlangan 10 mahbusni Ummon qabul qilgan. Sultonlik shu haqda dushanba kuni bildirdi.

Kuba hududida joylashgan va AQSh ijaraga olgan qamoqxonada 50 dan kam mahbus qolgan. Amerika Harbiy-dengiz kuchlari nazoratidagi qamoqxona 2001-yilda Afg’onistonda Tolibon tuzumiga qarshi urush boshlanganida ochilib, terrorchilikda gumon qilingan odamlar, jang maydonida qo’lga tushirilgan jangarilar saqlangan.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi guruhlar mahbuslarning rasmiy ayblovsiz saqlanganini tanqid qilib, ba’zilarining muhim ma’lumot olish maqsadida qiynoqlarga solinganini da’vo qilgan.

800 dan ortiq mahbusning bir qismi o’z yurtiga jo’natilgan, ba’zilarini uchinchi mamlakatlar qabul qilishga rozi bo’lgan, yana boshqalari esa sudsiz ozod etilgan.