Gvineyada davlat to'ntarishi

  • Amerika Ovozi

Gvineyaliklar davlat to'ntarishini olqishlamoqda

Gvineyada harbiylar davlat to’ntarishi uyushtirib, Prezident Alfa Kondeni hibsga olishdi, konstitutsiyani bekor qilib, havo va quruqlikdagi chegaralarni yopishdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 6-sentabr, 2021-yil

Harbiylar konstitutsiyaga tuzatish kiritish orqali uchinichi muddatga saylangan 83 yashar Kondening salomatligi joyida ekanini ma’lum qilishdi.

Armiya polkovnigi Mamadi Dumbuya milliy televideniye orqali bayonot berib, hukumat va davlat idoralari tarqatilgani haqida ma’lum qildi.

“Siyosiy hayotni xususiylashtirishga chek qo’yildi. Bundan keyin siyosat bir kishining qo’liga topshirilmaydi, xalqqa beriladi. Yolg’iz maqsadimiz shu. Askarning burchi ham shu – mamlakatni qutqarish”, - dedi maxsus kuchlar qo'mondoni.

Dumbuya harbiylar harakatini hukumatning layoqatsizligi bilan izohladi. Isyonchilar maxsus qo’mita tuzib, barcha viloyatlarda hokimlar o’rnini harbiylar egallaganini, ishdan olingan vazirlar parlamentdagi yig’ilishga chaqirilganini ma’lum qilishdi.

AQSh Davlat departamenti Gvineyadagi davlat to’ntarishini qoralab, konstitutsiyaga zid choralar ko’rish tinchlik va barqarorlikka raxna solishini bildirdi.