Qochqinlikdan hokimlikkacha

  • Amerika Ovozi

Montana shtatining kichik shaharlaridan biri Xelenaga yaqinda hokim saylandi. Vilmot Kollins 1994-yilda Liberiyadagi fuqarolar urushidan qochib kelgan. G’arbiy Afrikadan AQShga qochqin sifatida kelib, hokimlikka saylanish oson bo’lmadi unga.

Your browser doesn’t support HTML5

Liberiyalik qochqin hokimlikka saylandi

Noyabr boshida Xelena shahrida o’tgan saylovdan so’ng shahardagi yirik cherkov qatnashchilari yangi hokimni qo’llab-quvvatlab tabrikladi. Kollins qochqinlikdan hokimlik darajasiga ko'tarilib, noan’anaviy yo’lni bosib o’tdi, el og’ziga tushdi.

“Telefonimni o’chirib qo’ygandim. Rafiqamning raqamini topib, unga odamlar qo’ng’iroq qila boshladi. Rafiqam "telefoningizni yo’qib qo’ying" deb qo’ymadi. Shahar ahli ular bilan ishlashimga imkon berganidan xursandman, xalq ravnaqi uchun bor kuchimni ishga solaman”, - deydi yangi mer.

Mehnatkashlik Kollins uchun yangi xususiyat emas. U 23 yil avval Liberiyadagi urush tufayli AQShdan boshpana so’raganlardan. O'sha paytda rafiqasi homilador bo’lgani uchun Amerikaga oldinroq kelib Montana shtatida yashab turgan, o’qishini ham tashlab qo’ymagan. Bo'lajak hokim hujjatlari tayyor bo’lishini ikki yarim yil kutib, so'ng rafiqasi bilan qovushgan.

“AQShga kelishga ruxsat olganimda qizim ikkiga to'lgan edi. 1994-yil fevralida ota-bola birinchi marta uchrashdik”, - deydi u.

Vilmot Kollins Liberiyada o’qituvchi bo’lgan. AQShga kelishi bilan yoshlar maslahatchisi bo'lib ishladi, maktabda qorovullik qildi. Undan tashqari ta’lim oldi, harbiy xizmatda bo’ldi va Amerika fuqaroligiga erishdi.

O’z yutuqlariga qaramasdan, "menga 20 yil avval Amerikaga borib shahar hokimi bo’lasan deyishsa, ishonmagan bo’lardim", deydi.

“Kulgan bo’lardim. Qochayotganimizda faqatgina hayot uchun yana bir imkoniyat bo’lsa edi, degan ilinjda edik. Amerika bizga shu imkoniyatni berdi. Jamiyat menga qilgan yaxshiliklarning yarmini qaytarolsam, armonim bo’lmaydi”, - deydi yangi mer.

Kollins hokim sifatida faoliyat boshlarkan, armonda qolmaslik uchun ana shunday imkoniyatga ega bo'ldi.