Gepatitdek xavfli kasalikka e'tibor kam

  • Amerika Ovozi

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bildirishicha, har yili dunyoda bir yarim million odamning yostig’ini qurituvchi gepatit kasalligining oldini olish mumkin.

Sariq kasal nomini olgan bu dardga odamlar orasida e’tibor kam, ammo u VICh/SPID kabi yuqumli va halokatlidir, deyiladi tashkilot bayonotida.

Uning B (Б) va S (Ц) turlari o’ta xavfli bo’lib, jigar sirrozi va rakiga yetaklaydi.

B gepatiti kasallangan onadan yangi tug’ilgan chaqaloqqa, bir odamdan boshqasiga qon o’rqali va jinsiy aloqa paytida o’tadi. Nashavandlar esa odatda S gepatiti bilan og’riydi, chunki virus shpritsda bo’ladi.

AQShdagi Stenford universiteti jarrohi Samuel Soning aytishicha, jigar rakini davolab bo’lmaydi, ammo uning oldini olish mumkin.

"30 yildan beri juda ham samarali vaksinani targ’ib qilib kelamiz. U B gepatitiga qarshi bo’lib, kelajakda uning xronik shaklga o’tishining oldini oladi. Sariq kasalning B turini oddiy tabletkalar bilan davolash mumkin", - deydi mutaxassis.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, dunyoda bir yarim milliarddan ortiq odam gepatit bilan kasallangan. Aksariyati Osiyo va Afrikada.