AQShning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi Kristofer Xillning aytishicha, Shimoliy Koreya rahbari yadro dasturidan voz kechish haqida muzokara qilishni istamaydigan ko’rinadi. Xill oldingi xalqaro muzokaralarda AQSh delegatsiyasiga boshchilik qilgan.
“Kim Chen Unning Shimoliy Koreya 2005-yilda barcha yadro dasturlarini tugatishi haqidagi shartnoma bilan ishi yo’q”, - deydi sobiq elchi Xill.
Unga ko’ra, Pxenyan 50 yildan beri yadro qurollarini mudofaa uchun yaratishga harakat qilayotganiga ishonmaslik kerak.
“Ular hujumkor raketa sistemalarini yaratmoqchi va yadro qurollarini qo’llamoqchi. Shu yo’l bilan ular AQShni Koreya yarimorolidan quvib, Janubiy Koreya bilan o’z shartlari asosida birlashmoqchi”, - deydi sobiq diplomat.
Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Xitoy va Rossiya taklif qilganidek, Janubiy Koreya bilan qo’shma harbiy mashg’ulotlaridan voz kechmasligi, Shimoliy Koreya esa bundan xavotir olmasligi kerak.
“Har bir shunday mashg’ulot Shimoliy Koreya Janubiy Koreyani bosib olmoqchi bo’lgan ssenariy asosida o’tkaziladi, teskarisi emas. AQSh va Janubiy Koreya mashqlari mudofaani ko’zlaydi. Agar 1950-yilda ham shunday mashg’ulotlar bo’lganida edi, balki shimol janubga hujum qilmagan bo’lardi”, - deydi Kristofer Xill.
Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreya sinayotgan raketalarni urib tushirmaydi.
“Ular raketalarimiz trayektoriyasi haqida ma’lumot olishi mumkin va ular qanday ishlashini biladi, shuning uchun mudofaa tizimimizni Shimoliy Koreya tahdidi haqiqiy bo’lmaguncha ishlatmay turamiz”, - deydi Xill.
Unga ko’ra, Pxenyan yadro dasturidan voz kechishi uchun AQSh, Xitoy va qo’shni davlatlar diplomatik chora o’ylashi zarur. AQSh va Xitoy rahbarlari uchrashuvini puxta tayyorlash lozim, deydi u.
“Donald Trampning bu uchrashuvga borishidan oldin qandaydir diplomatik tayyorgarlik bo’lishi kerak, masalan, davlat kotibi ertaroq borib turishi lozim”, - deydi u.
Sobiq diplomatning aytishicha, Davlat departamentida bu yo’nalishda ishlash uchun ayni damda malakali kadrlar yetishmayapti.