Oregon shtatida irqchilik yana qo'zg'aldi

  • Amerika Ovozi

Oregon shtatining Portlend shahri Amerikadagi eng ildamlab borayotgan shahar sifatida e’tiborga olinadi. Lekin ko’p millatli joy emas. 2017-yildagi bir qotillik ko'zga ko'rinmaydigan lekin chuqur ildiz otgan illat bo'lmish irqchilikni qo’zg’atib yubordi. Oregonda muhojirlar tinchini yo’qotdi.

Portlend shahri azaldan irqchilik o’chog’i, bu shahar kayfiyati g’ayritabiiy. May oyida bu yerda ikki erkakni jamoat transportida oq tanli millatchi odam pishoqlab o’ldirgan. Ular o’smir qizlarni himoya qilgani aytiladi. Qizlardan biri hijobda bo’lgan.

Irqchilik bilan bog’liq jinoyatlar nisbatan kam bo’lsada, Portlendda soni ortib borayotgan muhojirlar bu joyni diskriminatsiya markazi deb biladi.

Afrika uyi deya tanilgan maskan oldidan o'tish xavfli. Kimdir sizga tuxum otadimi, haqoratlab qoladimi bilib bo’lmaydi, deydi Jimet Dogo.

Jimet Dogo arab va afrikalik, Chad mamlakatidan. U Afrika uyida Muhojir va qochoqlar jamiyati direktori. Oregonda 20 yilcha yashab qo’ygan. Hozir ham irqchilik har qadamda mavjud ekanini, yaqinda restoranga uch bolasi bilan borganda o’zi guvoh bo’lganini aytadi.

“Ovqatlanib o’tirgandik. 70larga borib qolgan oq tanli yonimizga kelib “Bilasizmi qora tanlilarning nimasi qiziq? Qoralar tirjayganda, oq narsa ko’zga tashlanadi-da”, - dedi-yu ketdi”, - deydi Jimet.

Jinoyatshunos Randi Blazak Portlendda oq tanlilar kamaygan bo’lsa-da, irqchilik hamon hukmron, deydi.

"Sekin-asta bitayotgan yarani tirnab qonatishday gap bu. Yaqindagi hodisalar aynan shunga misol. Navbatdagi noxushliklar doimiy og’riq, alamni eslatib yubordi", - deydi Randi Blazak.

Fransisko Aguirri - salvadorlik muhojir. 21 yildan beri Portlendda yashaydi. Uning aytishicha, Portlend ko’p millatli shaharga aylanib boryapti. Irqchilik kamayganday lekin yo’qolgani yo’q.

“Avtobus, metrolarda yursangiz odamlarning g’alati qarash qilayotganini his qilasiz. Chunki bu yerlarda latinolar ko’p bo’lmagan. Portlendga endi kelganimda latinolardan ko’ra oq tanlilar ko’p edi. Keyinchalik kamaydi. Lekin irqchilik yashirin davom etaverdi, yo’qolmadi”, - deydi Fransisko Aguirri.

May oyidagi pichoqlashuvdan so’ng, Portlanddagi mitinglar shahar aholisini irqchilikka befarq bo’lmaslikka undadi. Lekin yechim topishda xalqning boshi birikmadi.

"Irqchilik shu qadar chuqurki, hatto uni ilg'amaymiz. Boshqalarni kamsitayotganimizni his etmaymiz, vaholanki u har yerda namoyon", - deydi portlendlik Lesliy Xarper.

Portlendlik Debbi Sluder Prezident Trump tarafdorlaridan. Muammo haqida kam gapiramiz, deydi u.

“Achinarli albatta, shu paytgacha bilinmasdi-yu lekin hozir butun mamlakatda bosh-boshdoqlik. Biz esa birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib yashashni istaymiz", - deydi Sluder.