Olimlar: SPIDga qarshi kurash susaymasin

  • Amerika Ovozi
2012-yilda siyosiy rahbarlar SPIDdan xoli avlod haqida gapira boshladi. Noyabr oyida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bu maqsadga erishish rejasini dunyo ahliga taqdim etdi. Xo’sh, o’ttiz yil avval boshlangan “vabo”ga qarshi kurash 2012-yilda qanday kechdi?

Xillary Klinton yaqin-yaqingacha SPIDdan xoli avlodni tasavvur qilib bo’lmasdi, deydi:

“Endi esa SPID dardiga chalinmagan butun bir avlod yetishib chiqishi mumkin. Bu, birinchi navbatda, VICh virusini yuqtirmagan bolalar tug’ilishini anglatadi. Ikkinchidan, bu bolalar o’smir bo’lganda, kasallikni yuqtirish ehtimoli juda past bo’ladi. Chunki buning oldini olish vositalari bor. Uchinchidan, agar ular VICh virusini yuqtirsa, davolanib, SPIDga chalinishning oldi olinadi va uni boshqalarga ham yuqtirmaydi”, - deydi AQSh Davlat kotibasi.

Yaqin kelajakda bunga erisha olamiz, chunki ko’riladigan choralar ma’lum, deydi AQSh rasmiysi.

Bu choralar samarali davolash, o’g’il bolalarni sunnat qilish, kasallikka chalinganlarni ta’qib qilish hollariga chek qo’yish va VICh virusining onadan bolaga o’tmasligini ta’minlash kabi choralardan iborat.

SPIDga qarshi kurashayotgan AVAC tashkiloti rahbari Mitchell Uorren AQSh hukumati tomonidan belgilangan qadamlarni yuqori baholab, bu boshqa mamlakatlarga namuna bo’lishi kerak, deydi. Ayni vaqtda quruq gap emas konkret ish qilish lozim, deydi u:

“2012-yil SPID atrofidagi bahslar o’zgargan yil bo’lib qoladi tarixda. Endi esa asosiy vazifa bu bahslardan real ishlarga o’tishda”, - deydi Uorren.

Xillari Klintonning ta’kidlashicha, SPIDga oid ilmiy izlanishlar davom ettirilishi kerak. AQSh hukumati bu maqsad uchun katta mablag’ ajratib keladi.

So’nggi yillarda olimlar kasallikni davolovchi vaksina ustida ishlamoqda. 2014-yilgacha sinovlar davom etadi. AQShning VICh-SPID bo’yicha bosh mutaxassisi doktor Entoni Fosi bemorlarni davolashda davom etamiz, deydi.

“Izlanish va sinovlarni davom ettirish kerak, davolashdan ham to’xtamaslik kerak”, - deydi u.

SPIDga qarshi kurashuvchi tashkilot rahbari Mitchel Uorren so’zlariga ko’ra, 2012-yilda Vashingtonda bo’lib o’tgan xalqaro anjumandan so’ng SPIDni yengish borasida katta umid paydo bo’ldi. Bu umidlar ushaladimi, yoqmi, buni 2013-yil ko’rsatadi, deydi u:

“2013-yil o’rtalarida yoki dekabr oyidagi SPIDga qarshi kurash kunida biz o’sha konferensiyani yodga olib, imkoniyat shundoq oldimizda turgan ekanu, foydalanmabmiz, desak, katta fojia bo’ladi. 2013-yilda bayonotlardan konkret ishlarga o’taylik. Ha, boshlangan yil shunday bo’lishi kerak”, deydi u.