Amerika olimlari VIChning davosini topdimi?

  • Amerika Ovozi

Salkam bir yildirki, qizcha dori-darmonsiz yaxshi yashayapti

Qo’shma Shtatlarda shifokorlar SPID (OITS)ga yetaklovchi virus bilan kasallangan chaqaloqni davolagan ko’rinadi. Dori erta berila boshlagani samara bergan, deya taxmin qiladi olimlar.

Your browser doesn’t support HTML5

VIChning davosi/Nasiba Tohir


Bugun ikki yarim yoshga to’lgan bola, missisipilik qizaloq tug’ilganidayoq kasalmand bo’lgan. Dunyoga kelgani zahoti, 30 soat o’tar-o’tmas vrachlar uni VICH, immunitet taqchilligi virusidan davolay boshlagan.

Missisipi Universiteti tibbiyot markazi xodimi, doktor Xanna Gey yakshanba kuni bu olamshumul yangilikni e’lon qildi. Uning aytishicha, xatarli virus ustidan ikkinchi bor g’alaba qozonilishi.

Vrachlar hali tugal xulosa qilishga erta, deya ogohlantiradi. O’ta sinchkov test natijasidagina bola badanida hali virusning jinday alomatlari borligini ko’rish mumkin. Muhimi, go’dak umr bo’yi dori ichib yurishga majbur emas. Salkam bir yildirki, qizcha dori-darmonsiz yaxshi yashayapti.

Davolashning mazkur usuli boshqa bolalarga ham xuddi shunday ta’sir qiladimi-yo’qmi, buni testlar va vaqt ko’rsatadi. Lekin yangilik ona qornidayoq kasallangan organizmni tuzatish yo’llarini o’zgartirib yuborishi hech gapmas. Shunda OITSga yetaklovchi virusi bor bolalar to’laqonli, sog’lom hayot kechirishi mumkin bo’ladi.

Doktor Gey avvaliga qizchani zaruratsiz davoladim, deb vahimaga tushgan.

“Boshida qo’rqib ketdim. Sog’lom bolaga dori beribmanmi, deb esim chiqib ketdi”, - deydi shifokor.

Qizchaning onasi tug’uruq paytidagina o’zi VICh bilan kasal ekanini anglagan. Oldinroq bilganida virus bolaga o’tmasligining yo’lini qilish, dori ichish mumkin edi.

Go’dakka 15 oycha antiretrovirus dori-darmon berib borilgan. Keyin ona, nima uchundir tabletkani ichirmay qo’ygan.

Shu-shu, 10 oycha dorini og’ziga olmay yana shifokor ko’rigiga olib kelingan. Doktorlar uning qonini tekshirsa, VIChning izi ham qolmagan.

Test natijalari yakshanba kuni Atlanta shahrida Retrovirus va opportunist infeksiyalar konferensiyasida e’lon qilindi.