Fransiya rahbari Isroilga tanbeh berdi

  • Amerika Ovozi

Fransiya prezidenti Fransua Olland (chapda) va Falastin prezidenti Mahmud Abbos matbuot anjumani paytida, Ramalloh, Iordan daryosining g'arbiy sohili, 18-noyabr, 2013-yil

Fransiya prezidenti Fransua Olland Isroil hukumatini istilo qilingan yerlarda qurilishlarni bas qilishga chaqirmoqda. Olland bugun Ramallohda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashgan.

Uning aytishicha, qurilishlar ikki tomon o’rtasidagi muzokaralarga g’ov bo’lmoqda.

Isroil va Falastin iyul boshida muloqotni yangidan boshlab, to’qqiz oy davomida gaplashishga kelishgan edi. Tomonlarning tan olishicha, jarayon qiyin kechmoqda, yutuqlar ko’p emas.

Shunga qaramay, deydi Mahmud Abbos, muzokaradan chiqmaymiz.

Abbosning aytishicha, Isroil falastinlik mahbuslarni qurilishlar evaziga ozod etyapmiz, deb yanglish fikrlamoqda.

Isroil 1967-yilgi urushda tortib olgan G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda yarim milliondan ortiq isroillik istiqomat qiladi. Falastin bu yerlarni bo’lajak davlatining ajralmas qismi deb biladi. Xalqaro hamjamiyat Isroilning hududdagi posyolkalarini tan olmagan.