AQShda pandemiya davrida ijara haqini bekor qilishga da'vatlar

  • Amerika Ovozi

AQShda uy-joy masalasida ijarachilar huquqlarini himoya qiluvchi faollar pandemiya paytida ijara haqini bekor qilishga chaqirmoqda. Faollar mamlakat bo’ylab namoyishlar va ish tashlashlar o’tkazib, uydan haydashga qarshilik bildiruvchi faollar guruhlarini tuzdi. Pandemiya davrida ularning safi kengaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 1-aprel, 2021-yil

“Ijara haqini bekor qiling” harakati faoli Don Miller Bruklin kolleji oshxonasida ovqat tarqatar edi, ammo pandemiya boshlanishi bilan ta’lim maskanlari yopilib, ishini yo’qotdi. Uning oylik ijara haqi 1800 dollar bo’lib, uy egasi Millerdan xonadonni 14 kun ichida bo’shatib qo’yishni talab qilgan.

“Pandemiyadan oldin ham ahvolimiz og’ir edi. Ammo hozir yanada yomonlashdi”, - deydi u.

O’tgan yil bahoridan beri Amerikaning 27 ta shahrida 250 mingga yaqin ijarachi uydan chiqarildi. Hisob-kitoblarga ko’ra, ijara haqi bilan bog’liq umumiy qarz 57 milliard dollarga yetgan.

AQSh Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish markazi ijarachilarni uydan haydashni iyun oyigacha taqiqlab qo’ygan.

Miller “Ijara haqini bekor qiling” harakatiga qo’shilib, Nyu-Yorkdagi namoyishlarda faol qatnashmoqda, ijarachilarga vaqtincha yordam berishga chaqirmoqda.

"Ijara haqi bekor qilinishi uchun kurashyapmiz. Butunlay bekor bo’lsin demayapmiz. Faqat pandemiya paytida. Odamlar ishga qaytguncha. Axir ishlamasak, pulni qayerdan olamiz?” - deydi u.

Faollar federal hukumatdan ijara haqqi bilan bog’liq qarzni yopishda yordam so’ramoqda.

Uy egalari ular ham pandemiyadan zarar ko’rganini, ba’zilari bir yildan beri ijara haqini olmaganini aytadi.

"Men oilada yagona boquvchiman. Yaqinlarim uchun yegulik olish uchun uzundan-uzun navbatda turishga majburman”, - deydi Miller.