"Human Rights Watch" tashkiloti Isroilni aparteidda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti Isroilni falastinliklar va Isroilda yashovchi arablarga nisbatan aparteidda yoki irqchilikda ayblamoqda. Tashkilot nazarida, irqchilik insoniyatga qarshi jinoyatga tengdir.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 27-aprel, 2021-yil

“Human Rights Watch”ning bugun chop etilgan 213 sahifalik hisoboti mualiflari Isroilni Janubiy Afrikaning aparteid hukm surgan davriga qiyoslamayotganini, balki aparteidning xalqaro qonun doirasidagi ta’rifiga asoslangan holda Isroilning muayyan siyosati va harakatlariga baho berganini aytadi.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi hisobotni bema’ni va soxta deb atab, “Human Rights Watch”ni yillar davomida Isroilga qarshi boykotni targ’ib qilayotganlikda, Isroilga qarshi siyosatda aybladi.

Bir necha hafta oldin Xalqaro jinoiy sud Isroil istilosidagi G’arbiy Sohil va G’azo Sektorida Isroil armiyasi va XAMAS jangchilari sodir etgan jinoyatlarni tergov qilishini bildirgan.

Bugungi hisobotda aytilishicha, Isroil falastinliklar harakatini cheklamoqda, ularga tegishli yerlarni tortib olib, yahudiylar uchun aholi punktlari qurmoqda.

"Isroil hukumati yahudiylar foydasini ko’zlab, yer va demografiyani nazorat qilish orqali falastinliklar ustidan boshqaruvni saqlab kelishga intilmoqda”, - deyiladi hisobotda