Halab Suriya hukumati qo'liga qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Halab ko'chalarida, 26-noyabr, 2016

Rossiya tomonidan quvvatlangan Suriya hukumati kuchlari 27-noyabr kuni Halab shahrining katta qismini qo'lga kiritgan. Bir paytlar gavjum bozorlari va ko'rkam hayoti bilan mashhur bo'lgan shahar bugun vayrona. Bir necha jangari guruhlar, isyonchilar va Suriya hukumati orasida talash.

Shaharning bir necha tumani hamon isyonchilar nazoratida. 2011-yilgacha Halabda uch millionga yaqin odam yashar edi. Aholining aksariyati bugunga kelib uni tark etgan. Qolganlar esa qayer tinch bo'lsa, o'sha yerda. O'q ostida o'z uyida o'tirganlar ham minglab sonni tashkil etadi.

Aholiga yordam ko'rsatayotgan Xolid Xatib ismli suriyalikning "Twitter" da yozishicha, "Halabda hayot to'xtagan, shahar o'lik".

Halab, Suriya, 26-noyabr, 2016

Halabning Sakur tumani hukumat qo'liga o'tgani shaharda anchadan beri qo'nim topgan isyonchilar armiyaga mag'lub bo'layotganidan dalolat, deydi tahlilchilar.

Isyonchilar yetakchilaridan biri Yosir al-Yusufning aytishicha, havodan berilayotgan zarbaga javob berish qiyin va oxirgi kunlarda uning kuchlari katta talafot ko'rgan.

Halabda ayni damda jami 250 ming odam borligi taxmin qilinadi. BMT ularga, kim bo'lishidan qat'i nazar, ko'mak ko'rsatishga urinmoqda. Oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy xizmat - asosiy talablar.

Suriya armiyasi Rossiya yordamida shahardagi ko'plab obyektlarni oldin havodan nishonga oldi. Keyin esa piyoda qo'shin ham safarbar etdi.

Halab, Suriya, 24-noyabr, 2016

Halab, Suriya, 12-oktabr, 2016


AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer deydiki, Suriya va Rossiya hukumatlarining qo'li qon, chunki ular aholini qirmoqda. Damashq va Moskva so'zi bilan aytganda esa terroristlarga qarshi urush ketmoqda.

Rus telekanallariga ko'ra, suriyaliklar Prezident Bashar al-Assad tomonida va terroristlarni yo'q qilishga qaratilgan harakatlarni yoqlaydi. Halab tez orada butkul Suriyaga qaytadi, deya ishonch bildirmoqda Rossiya rasmiylari.

G'arb hukumatlari nazarida esa Assad va Putin hamkorlikda olib borayotgan amaliyotlar insoniyatga qarshi jinoyatlar bo'lishi mumkin. Halab va boshqa shaharlarni ayovsiz vayron qilib, aholini shafqatsiz qirish terrorizmga qarshi kurash emas, deydi Amerika va Yevropa diplomatlari.