Siyosiy tortishuvlarga qaramay, Hindiston va Xitoy - muhim iqtisodiy hamkorlar

  • Amerika Ovozi

Hindiston va Xitoy 9 oylik taranglikdan so’ng harbiy texnikasi va qo’shinlarini munozarali chegaradan chiqarganiga qaramay, aloqalarda ziddiyat hamon sezilmoqda. Biroq kuzatuvchilar buning ikki tomonlama savdo aloqalariga ta’sir qilmasligini bildiryapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 24-fevral, 2021-yil

“Chegarada ziddiyatning yumshatilgani birinchi qadamdir”, - deydi Xitoyni tahlil qilish va strategiyalash markazidan Jayadeva Ranade.

Hindiston Mudofaa vaziri Rajnatx Singxning oy boshida parlamentda so’zlashicha, ikki davlatning “asl nazorat chizig’i” deb nomlanuvchi chegaraga doir tortishuvlariga barham berilgani yo’q.

“Chegaraga qo’shin tortish va uni nazorat qilish haqida Xitoy bilan hali ham gaplashyapmiz”, - dedi vazir.

Himolay tog’laridagi taranglik ketidan Hindiston o’tgan yili Xitoyga qarashli ilovalar, masalan, Tik-Tokni o’z hududida taqiqlab qo’ydi, Xitoy sarmoyalariga to’siqni kuchaytirdi. Biroq Xitoyda ishlanayotgan arzon tovarlar hind bozorlarini to’ldirishda davom etmoqda.

Hindistonning farmatsevtika va quyosh energiyasi sanoatlariga aloqador kompaniyalari Xitoyda ishlangan tarkibiy qismlarga muhtoj. O’tgan yili Hindistonning ham Xitoyga eksporti oshgan.

“Hind sanoatlariga bozor kerak, Xitoy ana shu bozorni ularga berdi. Hindiston ham Xitoy tovarlariga yaxshi bozordir. Oldin faqat muayyan sanoatlar qo’shni mamlakatga bog’langan edi. Endi esa po’lat sanoati ham Xitoyga bog’lanib bormoqda. Demak, Hindistonda Xitoy bilan aloqalarni tiklash tarafdorlari ko’payib bormoqda”, - deydi Javaharlal Neru universitetining iqtisodiyot professori Bisvajit Dxar.

Iqtisodiy manfaatlar Osiyodagi ikki yirik mamlakatni siyosiy masalalarda kelishishga majbur qiladi, deydi mutaxassislar.