Hindistonda Xitoy mahsulotlarini boykot qilishga da'vatlar yangramoqda

  • Amerika Ovozi

china

Hindistonda Xitoyga qarshi namoyishlar. Bir necha kun oldin Xitoy bilan to’qnashuvda chegarada 20 hind askari o’lgach, namoyishchilar Xitoyda ishlangan mahsulotlarni olovga tashlab, Xitoy tovarlarini boykot qilishga chaqirmoqda.

Fojiali voqealarga javoban Hindiston hukumati, asosan, Xitoyga aloqador 59 ta ilovani man qildi. Ular orasida dunyoga mashhur “TikTok” ilovasi ham bor. Dehlining bunday qarori ketidan Xitoy kompaniyalari millionlab hindistonlik mijozlaridan ayriladi.

“Hindiston savdogarlari konfederatsiyasi” bosh kotibi Pravin Handelval mamlakatdagi do’konlarni kelasi 18 oy ichida Xitoy mahsulotlaridan qutulishga chaqirdi.

“Xitoydan 13 milliard dollarga teng mahsulotlar importini kamaytiramiz”, - dedi u.

Bahsli hududlar bo’yicha tortishuvning qurolli to’qnashuvga olib kelgani Hindistonda Xitoyga qarshi kayfiyatlarni kuchaytirdi. Biroq Dehli uchun ikkinchi raqamli savdo hamkoridan qutulish oson bo’lmaydi. Xitoyda ishlangan mahsulotlarni har yerda ko’rish mumkin – o’yinchoqlar do’konlaridan tortib maishiy texnika sotuvchi magazinlargacha.

“Agar faqat mahalliy mahsulotlarni qoldiraman desam, do’kondagi o’yinchoqlarning deyarli yarmini olib tashlashimga to’g’ri keladi”, - deydi Sahil Sharma ismli savdogar.

Hindistonning avtomobilsozlik, elektronika, farmatsevtika kabi sohalari Xitoyda ishlangan komponentlarga bog’liq. Muqobil ta’minotchini topish oson bo’lmaydi, deydi tahlilchilar.

“Bu voqealar noqulay bir paytga to’g’ri kelib qoldi. Iqtisodiyot pandemiyadan katta zarar ko’rgan. Agar ta’minot zanjiri uzilsa, Hindiston sanoati bu zarbadan hali beri o’ziga kelmaydi”, - deydi Javaharlal Neru universiteti professori Bisvajit Dxar.

Shunga qaramay, Dehli Pekinga tobeligini kamaytirish yo’llarini izlamoqda. Temir yo’llar va davlatga qarashli boshqa kompaniyalarga Xitoy firmalariga yangi kontraktlarni bermaslik buyurilgan. Mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirishga urg’u berilmoqda. Biroq jarayon sust kechyapti.

“Qisqa muddatda bunday siyosat mahsulini ko’rmaymiz. Balki o’rta muddatda ko’rarmiz”, - deydi professor Dxar.

Hindistonlik iste’molchilar tanlash imkoni bo’lsagina Xitoy mahsulotlaridan voz kechishga tayyor ekanini aytadi.

“Mustaqil va dadil bo’lish yaxshi, ammo Xitoy mahsulotlaridan butunlay voz kechishni qo’llab-quvvatlamayman. Chunki foydasi yo’q. Muqobil imkoniyatlar bo’lsin, so’ng balki 10 yilda Xitoy mahsulotlaridan voz kecharmiz”, - deydi dehlilik Pankaj Kitchlu.

Namoyishlar va chegaradagi ziddiyatlar Osiyoning ikki yirik mamlakatlari o’rtasida 90 milliard dollarlik yillik savdo aloqalariga putur yetkazishi mumkin.