Hindistonda yangi qonunga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Hindiston hukumati musulmonlarni chetlab o’tuvchi fuqarolik haqidagi qonun qabul qilishi ketidan poytaxt Dehlida namoyishlar boshlanib ketdi. Politsiya universitet hovlisiga kirib, norozilik bildirgan talabalarga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llagan.

Jamiya Milliya Islomiya universiteti talabalari politsiya ularni to’qmoqlar bilan urganidan shikoyat qildi. 20 dan ortiq talaba kasalxonaga tushgani aytilmoqda.

“Ular tinch aholi bo’lganida edi, indamasdan tarqalib ketardi. Biroq bunday bo’lmadi, davlat mulkiga zarar yetkazishdi, mototsikllarga o’t qo’yishdi, bizga tosh otishdi, posbonlar orasida jarohat olganlar bor. Biz shunchaki tartibni tiklashga harakat qildik, talabalarga g’arazimiz yo’q”, - dedi politsiya komissari o’rinbosari Chinmoy Bisval.

Namoyish tashkilotchilari tinch, nozo’ravon namoyish tarafdori ekanini aytib, zo’ravonliklarni tashqaridan kelgan odamlar chiqarganini bildirdi.

Dehlida uchta avtobus yoqib yuborilgani ma’lum. Pichoqbozlik natijasida olti politsiyachi tan jarohati olgan. Yakshanba kuni Dehli metrosining kamida 15 ta bekati ishlamadi. Faollar xalqni namoyishga da’vat etgan.

Mamlakat shimoli-sharqidagi Assam shtatida ham chiqishlar. Mahalliy xalq yangi qonun natijasida mintaqada noqonuniy yashayotgan o’n minglab hindular fuqarolikni qo’lga kiritishidan xavotirda.

11-dekabr kuni qabul qilingan qonunga ko’ra, Pokiston, Bangladesh va Afg’onistonda ta’qibga uchrab, 2015-yilgacha bu mamlakatlarni tark etgan hindular, sikxlar, nasroniylar, jayna diniy oqimi tarafdorlari, zardushtlar va buddistlarga fuqarolik taklif etiladi.

Muxolif partiyalar, inson huquqlari faollari va ayrim hind ziyolilari nazarida, Bosh vazir Narendra Modi yetakchiligidagi hindu millatchi hukumati musulmonlarni ataylab qonundan chetda qoldirgan, mamlakatning dunyoviy asoslarini zaiflashtirmoqchi.