Internetni bloklash va o'chirish bilan tartibni tiklash mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Harbiylar hokimiyatni qo’lga olgan Myanmada har tunda internet o’chiriladi. Hukumat shu tariqa davlat to’ntarishiga qarshi chiqayotgan odamlarning uyushishini cheklamoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-mart, 2021-yil

Bunday strategiya ko’plab mamlakatlarda ishga solinadi.

Myanmaliklar har tongda harbiy xunta tomonidan bloklangan “Facebook”, “Twitter” va boshqa sahifalarga kirish uchun “Psifon” (Psiphon) ilovasidan foydalanadi.

“Psifon” “Amerika Ovozi” kabi matbuot organlari bilan hamkorlik qiladi.

“Ilovadan foydalanayotganlar soni oshib bormoqda. Ammo eng qizig’i shuki, tarmoq tiklanganidan so’ng ham “Psifon” orqali kirayotganlar ko’p”, - deydi Kanadada joylashgan kompaniya rahbari Maykl Xall.

Hukumatlar tunda internetni o’chirish orqali notinch kunlarda tartibni saqlashga harakat qilayotganini sabab qilib ko’rsatadi.

“Internetga aloqador bunday ishlar boshqa biror narsadan darakchidir. Masalan, kattaroq ta’qiblar, qattiqroq kuch ishlatish, tinch namoyishchilarni ko’proq hibsga olishlardan”, - deydi BMT sobiq hisobotchisi, ayni paytda Kaliforniya universitetida huquqshunoslik professori Deyvid Key.

“Access Now” deb nomlanuvchi nodavlat tashkilotga ko’ra, 2020-yilda 29 mamlakatda internet 155 bor o’chirildi. 2 yil oldingi ko’rsatkichdan kamroq bo’lsa-da, bloklash salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

Masalan, Hindiston hukumati Kashmirda internetni 109 marotaba o’chirgan – rekord ko’rsatkich.

Belarusda esa o’tgan yil avgust oyidagi prezident saylovlaridan so’ng odamlar 61 soat jahon tarmog’iga ulana olmagan.

Ayrim hukumatlar hatto tarmoqni senzura qilishga, nazorat etishga kirishgan. Masalan, Kambodjada internet-shlyuz o’rnatilmoqda. Tanqidchilarga ko’ra, hukumat bu orqali foydalanuvchilar faoliyatini nazorat qilishi, cheklashi mumkin.

AQSh Davlat departamenti bu borada xavotir bildirdi.

“Amerikada ko’plab kxmerlar yashaydi. Ular vatanidagi oilasi bilan, do’stlari bilan aloqada bo’lishini kafolatlamoqchimiz”, - deydi departament matbuot kotibasi Jalina Porter.

Ayrim mutaxassislar nazarida, ijtimoiy sahifalarni o’chirish yoki bloklash iqtisodiy va siyosiy tomondan ziyondir.

“Xalq bunday choralarni qo’llab-quvvatlamaydi. Odamlar internetga bog’lanib qolgani uchun ham hukumat axborot oqimini to’xtatishga urinmoqda”, - deydi BMT sobiq rasmiysi.