Huquqshunoslar: "Interpol" zolim rahbarlar qo'lida o'yinchoq bo'lmasin

Bir yil oldin "Interpol" ning yangi Bosh kotibi etib tayinlangan Yurgen Stok, germaniyalik mutaxassis, “qizil e’lon” bilan bog’liq jarayon ko’rib chiqilayotganini aytgan

Fransiyada asoslangan “Interpol”, xalqaro politsiya xizmati, 190 davlat a’zo organ. Yillik byudjeti 84 million dollarga yaqin bu tashkilot faoliyati uchun eng ko’p pulni dunyodagi eng yirik iqtisodiy tizimga ega AQSh ajratadi. “Interpol”ni azaldan davlatlar qo’lida o’yinchoq deya qoralab keladigan huquq tashkilotlari nazarida buni tuzatish ko’p jihatdan Amerika bo’ynida. Oxirgi yillarda “Interpol” kuchli bosim ostiga olingani bois o’z faoliyatini isloh qila boshlagan. Bu ijobiy burilish va bosimni also to’xtatmaslik kerak, deya bildiradi Londonda joylashgan “Adolatli sudlov” (Fair Trials) tashkiloti. Advokatlar yuritadigan muassasa Vashingtonda anjuman o’tkazib, “Interpol” ro’yxatiga tushib aziyat chekkan insonlar taqdiriga e’tibor qaratdi.

Muammo aniq, deydi Jego Rassell (Jago Russell), “Adolatli sudlov” tashkiloti rahbari, davlatlar o’ziga dushman deb bilgan odamlarini “Interpol” ga beradi, “Interpol” esa “qizil e’lon”ini chiqaradi; qarabsizki, dunyo ahli ko’zi oldida bu odamlar “jinoyatchi”.

Adolatsiz tuzumlar o’zlarining adolatsiz siyosatlarini tanqid qilgan shaxslarni tutish va jazolash uchun “Interpol” dan shunday adolatsiz ravishda foydalanadi, bu tashkilotni suiiste’mol qiladi, deydi Rassell, Jorjtaun universitetida huquqshunoslar, jurnalistlar va boshqa ekspertlar oldida so’zlar ekan.

“Interpol” ning har bir hukumat bilan oldi-berdisini o’rganib chiqib, qora ishlarni fosh etish kerak, deydi faollar, chunki 1923-yilda ezgu maqsadlarda tuzilgan organ bugun avtoritar rahbarlar va diktatorlar uchun repressiya vositasidir.

Inson huquqlari targ’iboti bilan shug’ullanadigan Lantos jamg’armasi asoschisi Katrina Lantos Suett (Swett) deydiki, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Interpol” ni o’ziga qul qilib olgan ustasifarang. “Qizil e’lonlar” Kremlga qarshi bosh ko’targan har qanday kishi uchun qo’llanishi mumkin. Afsuski, deydi Suett xonim, Vashingtonda siyosat markazlarida manaman degan siyosatdonlar bu haqda bilmaydi, befarq yoki haqiqatga ko’z yumadi.

"Interpol" yig'ini, 2015

“Hozir Vashington ko’chalarida kerak bo’lsa, besh ming odamdan so’rang, qani “Interpol” va u bilan bog’liq muammolarni bilarmikan? Bilmaydi”, - deydi faol.

Vaholanki, AQSh bu tashkilotning asosiy homiylaridan.

Qabih jinoyatlarda gumon qilingan, uyushgan jinoiy tizimlarni boshqarayotgan odamlar chetda qolib, e’tibor muxolifatchilar, muxbirlar, ziyolilar, siyosatni qoralagan odamlarda, deya so’zlaydi Patrisiya Poleo, Venesuelada qoradori savdosi va mafiyani yoritib nom qozongan jurnalist. Vatanidagi hukumat u fosh etgan jinoyatlar ortidagi shaxslarni emas, Poleoni “Interpol” ga bergan.

Misrda demokratiyani targ’ib qilgan Sharif Mansur esa 2011-yilda noqonuniy faoliyatda ayblanib, “Interpol” ro’yxatiga tushgan. Mansur va uning 40 safdoshi davlat dushmani deb tasvirlangan.

“Bizni Misrning sha’nini bulg’ayotganlikda ayblashgan”,- deydi Mansur. “Vaholanki, davlat va xalqni sharmanda qiladigan asosiy kuch bu erkinlikka yo’l bermaydigan hukumatlar”.

AQSh aralashuvi bilan Mansur “Interpol” ro’yxatidan olingan.

"Interpol" bir necha xil rangda e'lonlar chiqaradi. Qizil rang "qamoqqa olinsin" degani. BMT talabi bilan ham maxsus e'lon bor, unda nishonga olingan odam sanksiya ostida bo'ladi.

Misrdagi vaziyat singari misollar talay, deydi huquqshunoslar. AQSh ajratgan grant bilan vatanida o’zgarish qilishga uringan shaxslarning Amerika ajratgan pulga ishlaydigan xalqaro politsiya xizmati tomonidan nishonga olinishi va bu AQSh bilan apoq-chapoq hukumatlar iltimosiga ko’ra amalga oshirilishi qayta-qayta takrorlanayotgan holdir.

Xorijdan siyosiy boshpana olgan odam xalqaro himoyadagi shaxsdir, lekin O’zbekiston kabi hukumatlar ularni ham “Interpol” ga beradi, “Interpol” esa masalani izchil o’rganmay turib qidiruv e’lon qiladi, deya tasvirlaydi “Adolatli sudlov” tashkiloti vakillari.

2000-2015-yillar orasida qidiruvda bo’lgan Nadejda Atayeva, uning otasi va ukasi, bir necha yildan beri Fransiyada yashaydi, qochqin degan maqomga ega. Atayeva Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Uyushmasini boshqaradi. Xalqaro bosim ostida uni ro’yxatdan chiqargan “Interpol” masalani tushuntirmaydi, biroq O’zbekiston hukumati bu oilani hamon moliyaviy firibgarlikda ayblaydi. Atayevlar da’volarni inkor etadi.

“Doimiy qo’rquvda yashash haqiqiy dahshat”,- deya hikoya qiladi Atayeva “Adolatli sudlov” tarqatgan videoda.

O’zbekiston hukumati iltimosi bilan “Interpol” qidiruvida bo’lgan fuqarolar ko’p va ular orasida jinoyatchi ekani asosli bo’lganlar ham anchagina, deya tan oladi huquqshunoslar, lekin haqiqat oshkoralik talab qiladi. O’zbekiston hukumati o’z da’volarini ochiq tushuntirishi, “Interpol” o’z faoliyatini oydinlashtirishi va eng muhimi - har tomon xalqaro qonunlar va me’yorlarga bosh egishi shart. “Interpol” ning O’zbekistondagi vakolatxonasi anchadan beri tekshiruv ostida ekani aytiladi, ham ichkaridan, ham tashqaridan, biroq hech kim bu borada og’iz ochishga jur’at etmaydi.

"Interpol" yig'ini, 2015

“Adolatli sudlov” tashkiloti vakili Libbi Makvey (Libby McVeigh) tahlilicha, “Interpol” da ijobiy o’zgarishlar bor. Bir yil oldin yangi Bosh kotib etib tayinlangan Yurgen Stok, germaniyalik mutaxassis, “qizil e’lon” bilan bog’liq jarayon ko’rib chiqilayotganini aytgan. Inson huquqlari va xalqaro qonunlarni buzmaslik tashkilot faoliyatidagi asosiy shart ekani qayd etilib, hukumatlardan tushayotgan iltimos va arizalar puxta tahlil qilinishi uqtirilgan. “Interpol” huquq tashkilotlari bilan hamkorlik qila boshlagan. Samarani baholashga hali erta, deydi Makvey xonim, lekin burilish bo’layotgani tayin. Davlatlar a’zo tashkilotlar odatda bu hukumatlarning qo’lidagi o’yinchoq bo’ladi, deydi ekspertlar, sabab - a’zolarning siyosiy xohishlari xalqaro qonunlardan ustun qo’yiladi.

Jego Rassell fikricha, asosiy fojia shundaki, ko’plab jamiyatlarda himoyaga muhtoj odamlar aslida o’sha jamiyatlarning manfaatlari va foydasi uchun gapirgan fuqarolar.

“Sizni himoya qilayotgan odamlar himoyasiz qolishi nafaqat adolatsizlik balki vijdonsizlik emasmi”?- deya so’raydi Rassell.