AQSh hamon iqtisodiy jihatdan eng baquvvat, kashfiyotchi davlat

  • Amerika Ovozi

2000-2010-yillar orasida AQSh sanoati qariyb olti million ish o'rnini boy berdi. Lekin Prezident Obamaning aytishicha, tavakkalchilik, kashfiyot, unumdorlikda AQShga teng keladigan o'lkalar hanuz yo'q.

"Amerika iqtisodiyoti jahonning eng baquvvat, kashfiyotchi iqtisodiyotidir. Bu davlatga sarmoya kiritish uchun hozirgidan yaxshiroq payt bo'lmagan", - deydi Tijorat vaziri Penni Pritsker.

U Vashingtonda "SelectUSA" (Amerikani tanlang) nomli sammitda dunyoning har xil davlatidan kelgan biznesmen, rasmiy va investorlar oldida gapirdi.

2008-yilgi iqtisodiy tanazzul bilan qiyoslaganda, deydi Pritsker, bugun mamlakat iqtisodi 2009-yilga qaraganda 14 yarim foizga o'sgan. 14 yarim million odam ishli-joyli bo'ldi. O'sish jihatidan AQSh dunyodagi barcha taraqqiy etgan mamlakatlardan oldinda.

Chetdan sarmoyani rag'batlantirish orqali ham Amerika o'zini tiklab oldi, deydi u. AQShdagi xorijiy firmalar 6 milliondan ziyod odamga ish bergan.

Biroq bu davlatga investitsiya kiritish kichik va o'rta bizneslarga o'ta olamshumul, murakkab vazifa bo'lib ko'rinishi mumkin. Shu bois Vashingtondagi kabi sammitlar chet el firmalariga mahalliy tizimni tushunish imkonini beradi, deydi Felisiya Pullam, sammit vakilasi.

Aksariyat sarmoyachilar keng tanilgan shaharlar, xususan, Nyu-York, Vashington, Chikago, San-Fransisko va boshqalarni tanlaydi. Holbuki, janubdagi o'nlab shtatlarning ham salohiyati katta, deydi biznesmen Jin Stinson.

Sanoat, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, bank va sog'liqni saqlash kabi sohalarga investitsiya kiritib baraka topasiz, deydi u.

2000-2010-yillar orasida AQSh sanoati qariyb olti million ish o'rnini boy berdi. Lekin Prezident Obamaning aytishicha, tavakkalchilik, kashfiyot, unumdorlikda AQShga teng keladigan o'lkalar hanuz yo'q.