Tahlilchilar: Eron bilan kelishuvdan har ikki tomon foyda ko'radi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tahlilchilarning aytishicha, Eron va xalqaro hamjamiyat o'rtasida erishilgan kelishuv, agar to'liq amalga oshsa, har ikki tomon uchun foydali bo'ladi.

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar vaziri Federiak Mogerini Tehron, BMT Xavfsizlik kengashining besh doimiy a'zosi va Germaniya o'rtasida tuzilgan bitimni tarixiy deya atadi. Kelishuv sanksiyalarning bekor qilinishi evaziga Eronning yadro qurolini yaratish imkoniyatini cheklaydi.

"Biz bu lahzaga erishish uchun uzoq muddat va juda qattiq ishladik", - deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Eron uchun iqtisodiy cheklovlarning olib tashlanishi katta yutuq.

"BMT, Yevropa va AQSh sanksiyalari Eron iqtisodiyotiga ulkan ta'sir ko'rsatgan. Ularni bekor qilish Eronning asosiy maqsadi", - deydi tadqiqotchi Richard Govan.

Yadro qurollari bo'yicha ekspert Robert Eynhornga ko'ra, Eron oladigan foyda faqat iqtisodiy emas.

"Ko'plab eronliklar bu kelishuv Eronning xalqaro hamjamiyatdagi yolg'izligiga chek qo'yadi, deb ishonmoqda. Ayniqsa, Eronning yoshlari xalqaro hamjamiyat bilan birga bo'lish tarafdori va ular yangi o'zgarishni muhim qadam deb biladi", - deydi u.

Reja bo'yicha, Eron uranni boyitish va u bilan aloqador faoliyatlarini qisqartiradi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi bitim ijrosini kuzatib boradi.

Tahlilchi Tom Kollinaga ko'ra, kelishuv yashab qolishi uchun har ikki tomon o'z maqsadlarini ushalgan, deb hisoblashi kerak.

"Chekinishlar bo'ldi, lekin oxirida har ikki tomon kelishuvni g'urur bilan e'lon qilish uchun qoniqarli deb topdi", - deydi u.

Kollinaning aytishicha, bitim mukammal emas, ammo muzokarachilar erisha olgan eng yaxshi natijadir.