Hasan Ruhoniy Eron prezidenti etib saylandi

  • Amerika Ovozi
Eronda prezident saylovlarining so'nggi natijalariga ko'ra, mo’tadil qarashlari bilan tanilgan Hasan Ruhoniy raqiblaridan ko’proq ovoz to’plab, prezidentlikni qo'lga kiritgan. Saylovda jami olti kishi davlat rahbarligiga da’vogar edi.

Hozirgacha ovozlarning 37 millioni sanab bo’lindi, shuning 50 foizdan ziyodi, ya'ni 19 millioni Ruhoniyga berilgan. Tehron meri Bag’ir Qalibaf 15 foiz bilan ikkinchi o’rinni egallagan.

Eronda 50 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega, shulardan 75-80 foizi saylovda qatnashgani xabar qilinmoqda.

Eng ko’p ovoz to’plagani aytilayotgan 64 yoshli Hasan Ruhoniy “mo’tadil” arbob deya ta’riflanmoqda. U parlamentda turli lavozimlarda ishlagan, o’tmishda yadro dasturi bo’yicha xalqaro muzokaralarga boshchilik qilgan.

Eron sobiq prezidentlari Muhammad Xotamiy va Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy ham saylov davomida Hasan Ruhoniyni qo’llab-quvvatlagan.