Eron prezidenti G’arbni muloqotga chorlayapti

  • Amerika Ovozi
Eron jahonning yirik davlatlari bilan konstruktiv muloqot boshlamoqchi. Prezident Hasan Ruhoniy AQShning “Vashington Post” nashrida chop etilgan maqolasida adovat va ixtilofni chetga surib, yangi imkoniyatlardan foydalanib qolishga undaydi.

Eron prezidenti sifatida yaqinda ishga kirishgan Ruhoniy kelasi hafta Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida so’zga chiqishi kutilmoqda.

Hafta boshida Ruhoniy AQShning “NBC” telekanali bilan suhbatda “biz hech qachon yadro quroli ishlab chiqarmaymiz” deya ta’kidlagan.

Ma’lumki, BMT va G’arb davlatlari yadro dasturi bois Eronga bir necha karra sanksiya qo’ygan. Islomiy respublika bu tadqiqotlar faqatgina mamlakat farovonligi uchun xizmat qilishini aytib keladi.

“Atom energiyasini ishlab chiqarishimizdan maqsad energiya resurslarini diversifikatsiyalash. Shu bilan birga, uning negizida mamlakat sha’ni va obro’-e’tibori yotadi”, - deydi prezident Hasan Ruhoniy.

Isroil, ushbu bayonotlarga javoban, G’arb davlatlarini ogohlikka undamoqda.

“Eron rahbarining shirin so’zlariga laqqa tushib o’tirmang. Ular yadro qurolini qo’lga kiritish uchun astoydil harakat qilayapti”, - deydi yahudiy davlati so’zlovchisi.

Oq uy ma’lumotiga ko’ra, Hasan Ruhoniyning AQShga ilk safari davomida prezident Barak Obama bilan uchrashuv belgilanmagan. Ammo ikki rahbar maktub almashgani ma’lum.