Eron yadro dasturiga doir xalqaro muloqot Bag'dodda davom etadi

  • Amerika Ovozi

Eron bosh muzokarachisi Said Jaloliy (chapda) va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li, 14-aprel, 2012-yil

Istanbulda Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar 23-mayda Iroq poytaxti Bag’dodda davom etadigan bo’ldi. Eron, AQSh, Rossiya, Fransiya, Xitoy, Britaniya va Germaniya diplomatlari 10 soatlik muloqotdan so’ng shunga kelishdi. Ishtirokchilar ta’biricha, muzokaralar ijobiy va konstruktiv bo’ldi.

Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar uchun mas’ul rasmiysi Ketrin Eshton uchrashuv foydali bo’ldi, dedi.

AQSh Davlat xavfsizligi maslahatchisining o’rinbosari Ben Rouds ham muloqotni birinchi ijobiy qadam, dedi.

G’arb Eron yadro quroli ustida ishlamoqda deb undan dasturni tugatishni so’rab keladi, biroq rasmiy Tehron atom bombasiga ehtiyoji yo’qligini aytadi.

So’nggi bor tomonlar salkam bir yarim yil oldin Istanbulda uchrashib, muzokara boshi berk ko’chaga kirib qolgan edi.