Eron boyitilgan uran zaxirasining xorijga chiqarilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Muzokaralar paytida

Bugun Shveysariyaning Lozanna shahrida Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar davom etmoqda. Diplomatlar imzolanajak bitim qancha amal qilishi, Eronga qo'yilgan sanksiyalarning qachon bekor qilinishi va agar Eron bitimni buzsa, sanksiyalar qanday qaytarilishi ustida tortishmoqda.

Ertaga muzokaralarning so'nggi kuni. Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif AQSh, Britaniya, Kanada, Xitoy, Rossiya, Fransiya va germaniyalik hamkasblari bilan uchrashgan.

Kechagi xabarlarda Tehron yadro reaktoridagi sentrifugalari sonini 6000 dan kamaytirishga, boyitilgan uran zaxiralarining katta qismini Rossiyadagi yadroviy omborxonalarda saqlashga rozi bo'lgani aytilgan edi. Biroq Eron bosh muzokarachisi Abbos Araqchining aytishicha, yadro materialini chetga chiqarish haqida gap bo'lishi mumkin emas.

Eronga Fordodagi yerosti inshootida tibbiy maqsadlarda xalqaro mutaxassislar nazorati ostida cheklangan yadroviy tajriba o'tkazishga ruxsat berish haqida ham gap borgan.