Britaniya, Kanada va AQSh Eronga qo'shimga sanksiya qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Erondagi Nuri neft va kimyo zavodi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Eronga nisbatan yangi sanksiyalarni e'lon qildi. Qo'shma Shtatlar Eron yadro quroli ustida ishlayapti deya xavotirda.

Sanksiyalar Eron neft va kimyoviy sanoatiga tegishli bo'lib, xorijiy sarmoyadorlarga mahsulot va xizmatlarni sotib olmaslik tavsiya etiladi. Bunga qo'shimcha ravishda AQSh Moliya vazirligi Eron markaziy bankini pulni noqonuniy tarzda o'zlashtiradigan muassasa deb ham belgiladi. Chet el hukumatlari va kompaniyalariga Eron moliya institutlari bilan ish qilmaslik tayinlanadi.

Amaldagi jazo choralariga ko'ra, AQSh kompaniyalari va fuqarolariga Eron bilan biznes qilish taqiqlangan. Amerika Davlat departamenti va Savdo vazirligi yadro dasturiga aloqadorlikda gumon etilayotgan Eron kompaniyalari va tashkilotlariga ham sanksiya belgilaydi.

Britaniya va Kanada ham Eron yadro dasturiga javoban jazo choralari belgiladi. Britaniya Moliya vaziri Jorj Ozbornning aytishicha, Eronning barcha banklari, jumladan Markaziy banki bilan barcha moliyaviy operatsiyalar to'xtatiladi. Shu tariqa Britaniya tarixda ilk bor muayyan bir davlatning butun bank tizimi bilan aloqani uzmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik yaqinda hisobot chiqarib, Eron yadroviy qurol ustida ishlagan, deya xulosa qilgan. Agentlik ma'lumotni tekshirish uchun Erondan mamlakatga inspektorlarini kiritishni so'ramoqda.

Rasmiy Tehron nazarida uning atom dasturi elektr yonilg'isi olishga qaratilgan. Rossiya agentlik hisoboti xulosasini inkor etib, Eron bilan diplomatik muloqotni davom ettirish zarur, deydi.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi G'arb rahbarlariga maktub yo'llab, Eron markaziy banki mulkini muzlatishga chaqirdi.