Eronga qo'yilgan sanksiyalarning bir qismi dekabrda olib tashlanadi

  • Amerika Ovozi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy

Fransiya tashqi ishlar vaziri Loren Fabiusning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Eronga qo’yilgan sanksiyalarning ba’zilarini dekabrda olib tashlashi mumkin.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif so’zlariga ko’ra, uning hukumati Jenevada erishilgan kelishuvni kelasi haftalarda amalga oshira boshlaydi.

"Tomonlar majburiyatlarini bajaramagan taqdirda bitimda aks etgan barcha choralardan voz kechishimiz mumkin", - dedi Eron vaziri.

Bitim olti oyga mo’ljallangan bo’lib, agar unga to’liq amal qilinsa, muzokara qilgan davlatlar yana uchrashib, uzoq muddatli hujjat ustida ish boshlaydi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, bu oson ish bo’lmaydi.

Eron nazarida Jeneva bitimi Tehronning yadroviy huquqini tasdiqladi. Ayni damda islomiy respublika sanksiyalar oqibatida yiliga besh milliard dollardan ko’p pul yo’qotmoqda.

Isroil bitimga qarshi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu nazarida Tehron yadro qurolini yaratish salohiyatidan ayrilmadi.

Oq uyning bildirishicha, AQSh va Isroil yaqin kunlarda muloqot qilib, kattaroq bitim xususida fikr almashadi.