Kerri Eron bilan muloqotdan umidvor

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Venada Eron yadro dasturi bo'yicha gaplashmoqda, 15-iyul, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Eron va olti davlat vakillari Venada Tehron yadro dasturiga doir o’tgan muzokaralarda ayrim yutuqlarga erishgan, ammo hali ham bahsli masalalar bo’yicha kelishilmagan.

O’tgan dekabr imzolangan muvaqqat bitim natijasida Eron yadro dasturini cheklashga ko’nib, evaziga ba’zi iqtisodiy sanksiyalar yumshatildi. Shundan so’ng tomonlar olti oy davomida keng qamrovli shartnoma bo’yicha muzokara qilishga kelishib oldi.

Hujjat 20-iyulgacha qabul qilinishi kerak. Ba’zi mavzular muhokamasi chala qolsa, muvaqqat bitim yana olti oyga cho’zilishi mumkin.

Kerri Eron tinch maqsadlar uchun yadro dasturiga ega bo’lishga haqli ekanini tan oldi.

"Eronda ana shunday dastur bo’lishi uchun bir yo’l topishga harakat qilyapmiz. Shu bilan birga dunyo ham Eron yadro quroliga intilmayotganiga amin bo’lsin deymiz. Hozir mana shu ikki maqsadga erishishga intilyapmiz", - dedi Kerri.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, oxirgi uchrashuvda ayrim siljishlar kuzatilgan va jarayonni davom ettirish uchun yaxshi sabab bor.