Viloyatiy: Eron yadro faoliyatidan voz kechmaydi

  • Amerika Ovozi

Ali Akbar Viloyatiy, Eron oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomeneiyning yadro masalalari bo'yicha bosh mashalatchisi

Eron oliy diniy rahnamosi maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiyning aytishicha, Tehron yadro faoliyatidan hech qachon voz kechmaydi. Hasan Ruhoniyning prezidentlikka saylanishi, deydi Viloyatiy, G’arb bilan aloqani yaxshilashga yangi imkoniyatlar ochmoqda.

"Prezidentimiz mo’tadil siyosatga o’tamiz degan. Bu G’arb davlatlarining xolisligini bilish uchun yaxshi sinov. Ular bu imkoniyatdan foydalanishi lozim", - deydi Viloyatiy.

Rasmiy AQSh va Yevropa davlatlari Eron bilan munosabatlarni qanday qurishi kerakligi haqida tavsiyalar bermagan, biroq, deydi u, Tehron siyosatini o’zgartirib, diplomatiyaga kattaroq urg’u beradi.

AQSh va G’arb Eronni yadro quroli ustida ish olib borayotganlikda ayblaydi, biroq Tehron dastur unga elektr quvvati olish hamda tibbiy maqsadlarda kerak, deydi.

Ali Akbar Viloyatiyning aytishicha, Eron uran boyitish dasturini 2003-yilda bo’lgani kabi ortiq to’xtatmaydi.

"O’shanda biz dasturni ikki yilga to’xtatgan edik, G’arb biz bilan aloqani yaxshilaydi deb, ammo bundan natija chiqmadi. Ular bizga bosimni kuchaytiraverishdi. Nega endi yana o’sha xatoni takrorlashimiz kerak", - deydi Eron rasmiysi.