Eron bolalarini AQSh va Isroilni yo'q qilishga o'rgatmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron bolasi

Eronda ochilgan yangi istirohat bog'ida bolalar G'arbdagi dushmanlarga qarshi kurash sirlarini o'rganadi.

Mashhad shahridagi "Inqilob bolalari" deb nomlangan park 1980-yillarda Iroq va Eron orasida kechgan qonli urush qurbonlariga bag'ishlanadi.

“AQSh va Isroil bayroqlari nishon sifatida qo'llanib, yosh avlod ularni qanday yo'q qilish bobida saboq oladi va buni mashq qiladi",- deydi Hamid Sadag'iy, park rahbari mahalliy jurnalistlar bilan suhbatda.

Bu muxbirlar aslida "Raja" axborot agentligi xodimlari. Agenlik Eronning Inqilobiy Gvardiya kuchlariga qarashlidir. Gvardiyaning minglab a'zolari Suriyada hukumat tomonda jang qilmoqda.

"Amerika Ovozi" murojaat qilganida, na rasmiylar, na park ma'muriyati javob berdi.

Suratlarda bolalar qurol ishlatishni va hujumlarga qanday javob berishni o'rganayotganini ko'rasiz.

Damashqdagi shia masjidlari kabi muqaddas joylarni himoya qilish bo'yicha mashg'ulotlar taklif qilinadi.

“8-10 o'quvchi keladi, biri boshliq bo'ladi va 40 daqiqa dars o'tamiz",- deydi Sadag'iy.

Inson huquqlari tashkilotlari nazarida ota-onalar har doim ham bolasi nima o'rganayotganini bilmaydi. Ular bilan ishlash uchun esa fuqaro jamiyatida erkinlik yo'q.

“Ekstremizmga undash bu. Hukumat kambag'al oilalarning farzandlarini mana shunday mashg'ulotlarga jalb qilib, ularning miyasini zaharlamoqda. Oila va bolalar o'zi xohlab bormaydi bu joylarga",- deydi faollardan biri.

Ota-onalar "Amerika Ovozi" bilan bu borada gaplashishni xohlamadi.

Roya Boromand - Eronda huquq va adolat masalalarini o'rganuvchi tashkilot (Abdorrahman Boroumand Foundation) rahbari. Uning fikricha, yosh avlodga zo'ravonlikdan dars beruvchi park ochib, Eron xalqaro huquqni buzmoqda.

“Bolalarning ruhiyatini, ongini barbod qilishayapti. Ularni urushga tayyorlab, bu jajji insonlarning hayoti va kelajagiga raxna solishayapti",- deydi Boromand.

"Bolalar uchun bu urushlar eng qiziq narsa hozir. Ularni tashqi dunyodan nafratlanishga o'rgatishmoqda".

Eron hukumati azaldan yoshlarga jang qilish mardlik va dushmanlarni yo'q qilish qahramonlik deb targ'ib qilib keladi. Bunday holatni boshqa davlatlarda ham ko'rasiz. Lekim kamdan-kam davlatlarda yosh bolalar bunday mashg'ulotlarga jalb qilinadi.

Dahshatlisi shuki, deydi jamoatchi faollar, davlat telekanallari Suriyada jang qilishni reklama qilmoqda. Yoshlar, jasur bo'lsa, urushga boradi, degan shiorlar yangraydi.