AQSh qo'shinlari Iroqdan chiqdi, ammo harbiylar hamkorlikni davom ettirish tarafdori

  • Amerika Ovozi
Iroq hukumati AQSh kuchlarida ehtiyoj sezsa, Vashingtondan ularni uzoqroq muddatga qoldirishni so'rashi mumkin, biroq buning uchun Bag'dodda yangi hukumat shakllanishi kerak.

Bugun Bag'dodda AQSh jangovar missiyasining yakunlanishiga bag'ishlangan marosim o'tkazildi. Amerika kuchlarining katta qismi Iroqdan chiqib, qolayotganlari mahalliy kuchlar tayyorgarligi bilan shug'ullanadi. Kelasi yil oxirigacha esa ular ham vataniga qaytadi. Iroqda zo'ravonliklar jonlanar ekan, AQSh qo'shinlarisiz mamlakat kelajagi qanday tus oladi, degan savol barchaning o'yu-xayolida.

Iroqda AQShning 140 ming sonli qo'shinidan 50 ming askar qoldi. Ular jangovar vazifalardan ozod etilgan. O'zini himoya qilish uchungina quroldan foydalanishi mumkin. Boshqa payt iroqliklarga maslahat berib, harbiy tayyorgarligini oshirishga yordam beradi.

AQShning Iroqdagi kuchlari qo'mondoni, general Rey Odiyernoning aytishicha, Iroq armiyasining salohiyati ancha oshgan.

"Agar iroqliklar xohish bildirsa, mamlakatda qolayotgan qismlarimiz ularga kerakligicha yordam berishi mumkin", - deydi general.

Kelasi yil oxiriga borib esa, bu qismlar ham Iroqni tark etadi. Rey Odiyerno bu mamlakat xavfsizlik kuchlarini maqtayotgan bo'lsa-da, Iroqni terrorchilardan to'liq himoya qilishga 100 foiz tayyor emas, deydi.

Mahalliy kuchlarni 2007-2008-yillarda tayyorgarlikdan o'tkazgan iste'fodagi general-leytenant Jeyms Dubik bunga qo'shiladi.

"Iroq oyoqqa turib olsa, demokratik bo'lsa, undagi barcha guruhlar teng huquqli bo'lsa, bundan AQSh ham naf ko'radi. AQSh va g'arb davlatlariga do'stona Iroq manfaatlarimizga to'liq javob beradi", - deydi Dubik.

Vashingtondagi Brukingz tahlil instituti xodimi Maykl O'Xanlonning aytishicha, amerikalik askarlar ikki tomonlama kelishuvga muvofiq Iroqni tark etmoqda, ammo AQSh kuchlariga ehtiyoj hali-beri yo'qolmaydi.

"Har ikki davlat harbiylaridan so'rasangiz, ular hamkorlikni davom ettirish tarafdori", - deydi O'Xanlon.

Mutaxassisga ko'ra, Iroqda qolayotgan kuchlar harbiy mashg'ulotlardan tashqari etnik va mazhablararo zo'ravonliklarning oldini olishga ham yordam beradi.

"Iroq barqarorligini deb shuncha pul sarflandi, ikki davlat shuncha qiyinchiliklardan birga o'tdi. Nega endi shoshma-shosharlik bilan tavakkal qilib mamlakatni hozir tark etish kerak", - deya so'raydi O'Xanlon.

General Dubikning aytishicha, AQSh harbiylarini 2011-yildan keyin qoldirish istagi avvalambor Iroq rahbariyati tomonidan bildirilishi lozim. Buni hal qilish vakolatiga ega yangi hukumat esa, mana bir necha oydirki, haligacha shakllanmagan.

"Yangi hukumat eski shartnomani ko'rib chiqib, uni o'zgartirishga haqli. Ehtiyoj bo'lsa, ma'lum muzokaralardan so'ng yangi bitimga kelishish mumkin", - deydi iste'fodagi general.

Bugun Barak Obama Amerika xalqiga murojaat qilib, Qo'shma Shtatlarning Iroqdagi yangi roliga to'xtaladi.

Prezident Obama 2003-yildan beri Iroqda nima ishlar qilingani haqida hisobot berishi kutilmoqda. Kecha davlat rahbari Vashingtondagi harbiy kasalxonada Iroq va Afg'onistonda yaralangan askarlar bilan uchrashdi. Bugun esa Texas shtatidagi yirik harbiy bazada bo'lib, Iroqdan qaytgan zobitlar bilan gaplashadi.

Prezident Obamaning aytishicha, urush qaysi rahbar boshqaruvi ostida boshlangani va uni boshlash qarori to'g'ri-noto'g'riligidan qat'iy nazar, jangohlarda qurbon bo'lgan askarlarni hamisha yod olish zarur.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Barak Obama 2003-yilda prezident bo'lganida, Iroqqa qarshi harbiy yurish qilinmagan bo'lar edi. Prezident Obama terrorchilarga qarshi kurashda Afg'onistondagi amaliyotlarni muhimroq deb biladi, deydi Gibbs.

"Iroq bizni Afg'onistondan chalg'itdi, zarur resurslardan ayirdi. Xavfsizligimizga haqiqiy tahdid soluvchi mamlakatda yetarlicha askarlar bo'lmadi. Hozir xatoni tuzatishga harakat qilyapmiz", - deydi Oq uy vakili.

Robert Gibbs AQSh Iroqda jangovar missiyasini tugatayotgani bilan, mamlakatda zo'ravonlikka barham berilgani yo'q, deb hisoblaydi.

Uning aytishicha, endilikda mas'uliyatning katta qismi iroqliklar zimmasiga tushadi. Iroqning bundan keyingi tarixini iroqliklarning o'zi bitadi, unga o'zlari mas'ul bo'ladi, biz esa ularga bunda yordam beramiz, deydi Gibbs.

Kelasi yil oxirigacha mamlakatda AQShning 50 ming askari qoladi. Ular janglarda ishtirok etmaydi. Iroq harbiylari tayyorgarligi bilan shug'ullanadi, aksil-terror amaliyotlarda yordam berib, AQSh diplomatlari va mutaxassislarini himoya qiladi.

Vashingtondagi tahlilchi Fred Kaganning aytishicha, prezident Obama bugungi nutqida zafarona xitoblardan o'zini tiyishi kerak.

"Umuman oladigan bo'lsak, asosiy vazifaning uddasidan chiqilmadi. Iroqda barqaror davlat bo'lgani yo'q hali", - deydi mutaxassis.

Bag'doddagi bugungi marosimda AQShdan vitse-prezident Jo Bayden ishtirok etgan.