Iroq bosh vaziri hukumatni kichraytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy

Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy hukumat faoliyatini yaxshilash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida islohotlar taklif etmoqda. O'zgarishlar doirasida Abadiy uch vitse-prezident va bosh vazir o'rinbosari lavozimlarini qisqartirishga chaqirmoqda.

Elektr quvvati ta'minotidagi uzilishlardan hamda hukumat boshqaruvidan norozi aholi bir necha hafta namoyish qilganidan so'ng Abadiy islohotlar haqidagi qarorini e'lon qildi. Hozirgi vitse-prezidentlardan biri sobiq Bosh vazir Nuri al-Malikiy.

Abadiy, shuningdek, siyosiy partiyalar va mazhablarga rasmiylarni tanlashga ajratilgan kvotalarni ham bekor qilishni, mulozimlar qo'riqchilari sonini kamaytirishni ham taklif etmoqda.

Bosh vazir qarori parlamentda ovozga qo'yiladi. Vazirlar mahkamasi islohotlar paketini qo'llab-quvvatlagan. Malikiy va yana bir vitse-prezident Osama al-Nujayfiy ham xayrixohligini bildirgan.