Iroqda sunniy jangarilar yana bir shaharni egalladi

  • Amerika Ovozi

Najafda jangga otlanayotgan shia yoshlar

Iroqda sunniy jangarilar Suriya bilan chegaradosh Qaim shahrini bosib olgan. Endilikda bu kuchlar ikki mamlakat orasida qurollangan holda bemalol yurgani ma’lum.

Bag’dodda esa shia yetakchi Muqtada al-Sadr o’z armiyasini tuzib, sunniylarga qarshi urushga otlanmoqda. Iroq va Shom islomiy davlati deb atalgan harakatni yer bilan yakson qilmaguncha hech kim ortga qaytmaydi, deydi al-Sadr yurtdoshlarini qurollanishga undar ekan.

Oyatulla Ali al-Sistaniy esa Bosh vazir Nuri al-Malikiyni hokimiyatni kuchaytirib, samarali choralar ko’rishga chaqirmoqda.

Amerika harbiy yordam ko’rsata boshlagan lekin prezident Barak Obama fikricha Bag’dod mazhab ajratib, sunniy va shialarni teng ko’rmaslik siyosatini davom ettirar ekan, vaziyat og’irlashaveradi. Vashington birdamlikni ta’minlash eng asosiy vazifa deb turibdi.

Iroq Amerikadan jangarilarga qarshi havo hujumlari olib borishni so’ragan. Obama muayyan operatsiyalarga rozi va 300 harbiy yubormoqda. Biroq piyoda askarlar safarbar etilmaydi. Mojaroni Iroqning o’zi hal etishi kerak, deydi Obama. Diplomatik harakatlar faollashgan.