Iroqda "Islomiy davlat" yetakchilaridan biri yo'q qilindi

  • Amerika Ovozi

Iroq xavfsizlik kuchlari Anbar universitetidan "Islomiy davlat" to'dasining bayrog'ini yechib olmoqda. Iroq, 26-iyul, 2016-yil.

Pentagonning bildirishicha, Iroqning Anbar viloyatida "Islomiy davlat" to'dasining yetakchilaridan biri yo'q qilingan. Koalitsiya hujumida yana uch jangari o'lgan.

AQsh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Piter Kuk so'zlariga ko'ra, Rutba shahrida 6-may kungi havo hujumida Abu Vahib va uning hamtovoqlari yo'q qilindi.

Abu Vahib ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilgan shafqatsiz qotilliklarga aloqador ekani aytiladi. Xalqaro koalitsiya uning o'limini "Islomiy davlat"ga qarshi muhim zarbar deya ta'riflaydi.

Iroq hukumati o'tgan yili ham bu jangari o'lgani haqida xabar tarqatgan edi. Piter Kuk bu borada indamagan. Ayrim manbalarga ko'ra, jangari og'ir jarohatidan tuzalib yana ekstremistlar safiga qaytgan.

Abu Vahib 2012-yilda yuz nafar boshqa mahbus qatori Tikrit shahridagi qattiq himoyalangan qamoqdan qochgan. Ularni "Islomiy davlat" guruhi sardori al-Bag'dodiy qochirgan, so'ng Abu Vahibni Anbar viloyatiga rahbar etib tayinlagan.

Oradan bir yil o'tib u suriyalik uch haydovchini qatl etgani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo'ldi-yu, Vahibning qonxo'rligi ovoza bo'ldi.