Iroq hukumati AQShdan harbiy yordam so'radi

  • Amerika Ovozi

Iroqlik askar neft zavodini qo'riqlamoqda, Basra, Iroq, 18-iyun, 2014-yil

AQSh Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Martin Dempsining aytishicha, Iroq hukumati Qo'shma Shtatlardan jangarilarga qarshi havodan zarba berishni iltimos qilgan.

AQSh prezidenti Barak Obama bugun bir guruh qonunchilar bilan uchrashib, Iroqdagi vaziyatni muhokama qiladi.

Qo’shma Shtatlar Iroqqa qurol bilan yordam berishini aytgan, ammo piyoda qo’shin yubormoqchi emas. Bundan tashqari AQShning Fors ko’rfazidagi kemalaridan turib jangarilar pozitsiyalari o’qqa tutilishi mumkin.

Bugun sunniy jangarilar neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilib, unga shikast yetkazgan. Ular Bag’dod va Mosul o’rtasida joylashgan Baiji shahridagi zavodda xavfsizlik kuchlari bilan olishgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy qo’shni mamlakatga sunniy jangarilarga qarshi kurashda, shia ziyoratgohlarini qo’riqlashda yordam taklif qilmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni Iroqdagi mazhablararo ziddiyatni qurol bilan emas, muloqot orqali hal qilish lozim, deydi.

Davlat departamenti so’zlovchisi Jennifer Psaki ham masalaga siyosiy yechim qidirish zarur, deydi.

"Iroqdagi muammoni hal qilishda xorijiy davlat aralashuviga hojat yo’q. Markaziy hukumat turli siyosiy kuchlarni o’z ichiga olishi, davlatni boshqarishda odamlarni mazhablarga bo’lmasligi kerak", - deydi Psaki.

Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiy kecha shia, sunniy va kurd yetakchilari bilan uchrashgan.

Tashqi ishlar vaziri Hushyor Zeboriy nazarida, Iroqda bir necha shaharni ishg’ol qilgan “Iroq va Shom islomiy davlati” terrorchi guruhi nafaqat mamlakat xavfsizligi, balki AQSh manfaatlariga ham tahdiddir va shu sabab Bag’dod AQSh va qo’shni Erondan amaliy yordam kutib qoladi.

"Iroqdagi aksariyat siyosiy arboblar nazarida terrorga qarshi kurashda Erondan ko’ra Amerikaning yordami ma’qulroq bo’ladi va kamroq muammo tug’diradi", - deydi Zeboriy.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, shimoldagi Mosul shahrini qo’lga olgan jangarilar 40 nafar hind quruvchisini o’g’irlab ketgan. Hindistonlik yana 46 hamshira jangarilar nazoratidagi Tikritdan chiqa olmayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Iroqda vaziyat og'ir/Iraq today