Jangarilar Xandaq jangini takrorlamoqchi

  • Amerika Ovozi

Mosul, Iroq

Amerika boshliq koalitsiya "Islomiy davlat" guruhini havodan, Iroq va kurd armiyasi esa yerda har tomondan siquvga olmoqda. Jangarilar esa o'z xalifaligi poytaxti Mosulni mudofaa qilish uchun Xandaq jangi usulini qo'llamoqchi.

Islom tarixiga ko'ra, Muhammad paygʻambar bir necha yuz kishilik tarafdorlari bilan Madinani makkaliklardan ana shunday yo'l bilan himoya qilgan. U shahar atrofiga xandaq qazishni buyurgan. Shu tariqa payg'ambar g'animning bir necha o'n ming kishilik arab va yahudiy qo'shinlarini mag'lub qila olgan.

Jangarilar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jangni targ'ib qilib, tarafdorlari sonini oshirishga urinayapti.

Amerika harbiylarining aytishicha, jangari guruh safi bugun avvalgidan uch karra qisqargan. Natijada Mosulni mudofaa qilish uchun uch, to'rt ming jangchi qolgan, xolos. Iroq, kurd qo'shinlari va Amerikaning havo kuchlari joriy oyda shahar uchun hujumga o'tmoqchi.

Xandaq jangidan nuxsa ko'chirgan jangarilar Mosul atrofida uch metrlik chuqur qazimoqda va ayrim joylarga moy to'ldirmoqda. To'da yarim million kishilik shaharni 2014-yilning yozida mahv etgan edi. Mosulni qo'ldan boy berish jangarilar uchun katta yo'qotish bo'ladi, shu bois guruh qo'lidagi bor choralarni ishga solmoqda.

Mutaxassislar nazarida chuqur qazish bilan jangarilar vaqt yutishi mumkin, biroq mutlaq g'alaba keltirmaydi. Koalitsiya qo'shinlari bu usuldan yaxshi xabardor.

Muhammad payg'ambar davridan farqli ravishda bugun texnologiya taraqqiy etgan va xandaq zamonaviy armiyaning yo'lini to'sa olmaydi, deydi ekspertlar.