Kameron parlamentdan Suriyada harbiy harakatlar uchun ruxsat so'radi

  • Amerika Ovozi

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron

Bugun Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron parlamentda terrorga qarshi harakatlar xususida hisobot berarkan, qonunchilardan Britaniyaning "Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo'shilish uchun ruxsat so'radi.

"Bu ishni hozir qilmasak, qachon qilamiz", - deya so'radi u.

Unga ko'ra, Britaniya "Islomiy davlat"ni Suriyada yengishda o'z hissasini qo'shishi kerak.

"Birlashgan Qirollik xavfsizligini ta'minlashni boshqa davlatlarga yuklab qo'yish to'g'ri emas", - dedi u.

AQSh va Fransiya Britaniyani terrorga qarshi kampaniyaga qo'shilishga da'vat etib keladi.

"Bular bizning eng yaqin ittifoqchilarimiz va yordamimizga muhtoj", - dedi Kameron deputatlarga murojaat qilib.

Britaniya "Islomiy davlat"ni Iroqda havodan nishonga olib keladi, biroq Suriyadagi harakatlarga parlament fotiha bermagan. Kameron masalani ovozga qo'ymoqchi, biroq buning uchun uning qabul qilinishiga amin bo'lishim kerak, dedi u.

Parijdagi xurujlardan so'ng Fransiya ham "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda faol bo'lishga harakat qilyapti. Prezident Fransua Olland kecha Vashingtonda Barak Obama bilan, bugun esa Moskvada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi.

Olland Putinni Fransiya tuzayotgan koalitsiyaga qo'shilishga chaqirdi, biroq Rossiya ikki oydan beri Suriyada o'z strategiyasi asosida ish ko'rmoqda.